Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida 3 kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda “Milliy” telekanalining “Millar” dasturida xabar qilindi.

Hodisa 15-oktabr kuni Oqdaryo tumani “Taraqqiyot” mahallasidagi dala hovlida sodir bo‘lgan.

“Bular ko‘chib kelishgan. Shanba-yakshanba kunlari kelib, bir xabar olib ketadi. Gaz trubasi to‘lib qolgan ekanmi, o‘g‘li dod-voy qildi. Kirib yordam ko‘rsatdik. Kech kirgan ekanmiz, hamma o‘lgandi… Kirganimizda xona gaz hidi bilan qoplangandi”, — dedi qo‘shnilardan biri.

Tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Abdulla Kubayevning aytishicha, voqea sodir bo‘lgan uyga avval bir necha marta borishgan, ammo doim qulf bo‘lgan.

Bosh prokuraturaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, voqea sabab 53 yoshli ayol va uning 9 va 3 yoshli nabiralari vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.