24-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumani markazi — Beshkent shahridagi 12-maktabga ham rejalashtirilmagan holda bordi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Bu yerda 1400 ga yaqin o‘g‘il-qiz o‘qimoqda. Ularga yuzdan oshiq malakali pedagoglar ta’lim bermoqda. Maktab o‘tgan yili kapital ta’mirlangan. O‘quvchilarga bitta kasb-hunar va ikkita xorijiy tilni o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Kompyuter savodxonligi, tikuvchilik, duradgorlik kabi to‘garaklar bor.

шавкат мирзиёев

Prezident “sinfxonalarni kirib ko‘rdi, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Maktab sharoitlari, darsliklar sifati bilan qiziqdi”, deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev maktabda qish mavsumiga tayyorgarlik, ko‘chat ekish ishlari bilan tanishdi. Ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik bilan ta’minlash, energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, u infratuzilma, funksionallik va energiya samaradorligi bilan bog‘liq barcha mezonlarni nazarda tutuvchi maktab qurilishi standartlarini yangilash zarurligini ta’kidladi.

шавкат мирзиёев

“Yashil makon” loyihasi doirasida maktablar atrofini obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratdi.

Maktab bor joyda madaniyat bo‘ladi. Pedagoglar boshqalarga har jihatdan o‘rnak. Maktab atrofi obod bo‘lib, mavsumiy gullar yashnab tursa, yoshlarga ham tarbiya, ham da’vat bo‘ladi", — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safari davomida Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga rejadan tashqari tashrif buyurgandi.