AQShning 41 ta shtati va Kolumbiya okrugi o‘smirlar va bolalar auditoriyasini imkon qadar kuchliroq jalb qilish uchun funksiyalardan qasddan foydalangani uchun Facebook va Instagram`ga egalik qiluvchi Meta korporatsiyasini sudga berdi, deb yozmoqda New York Times.

33 ta shtat Kaliforniya Shimoliy okrugi bo‘yicha AQSh okrug sudiga qo‘shma da’voni kiritgan bo‘lsa, Kolumbiya okrugi va yana sakkizta shtat hukumatlari asosan bir xil tezis va ayblovlarni o‘z ichiga olgan alohida da’volarni qo‘zg‘atdi, deya aniqlik kiritadi nashr.

Shtatlar o‘z da’volarida Meta`ni “yosh foydalanuvchilar orasida kompulsiv (majburlovchi — tarj.) va uzoq muddatli foydalanishga undash uchun mahsulotning psixologik manipulyativ funksiyalarini ishlab chiqishda” aybladi. Kompaniya, da’volard aytilishicha, Facebook va Instagram`ning “cheksiz aylantirish” funksiyasini va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga qaytishini ta’minlovchi doimiy bildirishnomalarni joriy etish orqali odamlarni qasddan zaharli va zararli kontentlarning “quyon tuynuklari”ga tortadi.

Bundan tashqari, korporatsiya AQShning Bolalarning onlayn maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunini buzganlikda, ular haqidagi ma’lumotlarni ota-ona ruxsatisiz yig‘ishda ayblanmoqda, deb yozadi gazeta.

“Meta kuchli va misli ko‘rilmagan texnologiyadan yoshlar va o‘smirlarni o‘ziga jalb qilish va oxir-oqibat tuzoqqa tushirish uchun foydalangan, — deyiladi shtatlarning 233 sahifalik shikoyatida. — Va uning maqsadi — moddiy manfaatdir.”

Sud da’volarida, shuningdek, kompaniya o‘z ijtimoiy tarmoqlarini 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga reklama qilishda davom etayotgani keltiriladi, bu esa ham Meta`ning o‘z qoidalari, ham AQSh federal qonunlari bilan taqiqlangan, deya aniqlik kiritadi Wall Street Journal (WSJ).

Da’vogarlar, shuningdek, Meta kompaniyasining ichki tekshiruvini esladilar, shundan kelib chiqadiki, kompaniya Instagram`ning o‘smirlarga ta’siridan xabardor bo‘lgan: bu qaramlikka olib keladi, qizlarda esa o‘z tashqi ko‘rinishini idrok etishda muammolarga olib kelishi mumkin.

WSJ vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib Meta nizoni hal qilishga uringani, biroq muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganini ma’lum qildi.

“Biz barcha sohalardagi kompaniyalar bilan birgalikda o‘smirlar foydalanadigan ko‘plab ilovalar uchun aniq, yoshga mos standartlarni yaratish o‘rniga bosh prokurorlar bu yo‘lni tanlaganidan xafamiz”, — deyiladi Meta bayonotida.