18-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasi soliq organlarining ayrim soliq hisobotlarini shakllantirishi to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Bu Soliq kodeksining 81-moddasida nazarda tutilgan.
2024-yil 1-yanvardan soliq organlari tadbirkorlarning istagiga ko‘ra, yuridik shaxslarning qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS), aylanma solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisobotlarni shakllantirishi mumkin bo‘ladi.
Hujjatlar avtomatik tarzda tayyorlanadi. Hisobotlarni tayyorlash uchun ichki manbalar (soliq to‘lovchining soliq va moliyaviy hisobotlari, elektron hisob-fakturalar, onlayn nazorat-kassa mashinalari, onlayn cheklar va boshqalar) ma’lumotlari bilan bir qatorda tashqi manbalardan (boshqa davlat organlari tizimlari) ham foydalaniladi.
Hisobot soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida aks etadi. U yoki uning vakolatli vakili tuzilgan hisobotning to‘g‘riligi va to‘liqligini tasdiqlashi yoki hujjatni qayta rasmiylashtirib, soliq organlariga taqdim etishi kerak bo‘ladi.
2022-yilda bu amaliyot tajriba tariqasida Xorazm viloyatida sinab ko‘rilgan.
Bundan tashqari, savdo kvitansiyalarini berishda texnik xatolarni tuzatish muddati belgilangan. Agar bunga qadar tuzatishni keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmasdan kiritish mumkin bo‘lsa, 20-oktabrdan boshlab hisobot davrining oxirigacha vaqt ajratiladi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Avgust oyi boshida prezident Shavkat Mirziyoyev har bir tadbirkorga muammolarni hal etishda ko‘maklashuvchi soliq xodimi biriktirilishini ma’lum qilgandi. 1-sentabrdan boshlab tadbirkorlar yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha hisobot topshirmaydi, 2024-yildan esa kichik biznes subyektlari elektron hisobot tizimiga o‘tadi, degandi u.