Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari strategik sheriklikni davom ettirish va hamkorlikni mustahkamlash majburiyatini oldi. Bu haqda 23-oktabr kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” formatidagi vazirlarning 19-uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma kommyunikeda aytiladi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati vakillari bilan ilk bor bir vaqtning o‘zida uchrashdi.

“Bugungi uchrashuv… mintaqalarimiz o‘rtasidagi umumiy qadriyatlar va o‘zaro manfaatlarga asoslangan hamkorlikning yangi bosqichidan dalolat beradi. Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimizning islohotlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, — dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Xosep Borrel.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi “Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi oqibatlarini, shuningdek, boshqa mintaqaviy va global muammolarni yengish” uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan “yaqindan hamkorlik qilishda” davom etadi.

Vazirlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma yo‘l xaritasini tasdiqladi. U mintaqalararo siyosiy muloqot va hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika, iqlimga betaraf iqtisodiyot va umumiy xavfsizlik muammolarini hal qilish kabi muhim sohalarni qamrab oladi.

Yevropa Ittifoqi, bayonotda ta’kidlanganidek, yig‘ilish ishtirokchilarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-to‘plami (iyun oyida tasdiqlangan — tahr.) haqida ma’lum qildi va “Yevropa Ittifoqi sanksiyalari kontekstida natijaga yo‘naltirilgan muloqot va hamkorlik muhimligini ta’kidladi”.

“Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni aylanib o‘tishning oldini olish muhimligini ta’kidladi va ishtirokchilar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar”, — deyiladi hujjatda.

Vazirlar, shuningdek, BMT Nizomi va xalqaro huquqning asosiy tamoyillari: barcha mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish kabi “sodiqliklarini izhor qildilar”. “Ular xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilish va nizolarni yadro qurolidan foydalanmasdan yoki qo‘llash tahdidisiz tinch yo‘l bilan hal etish zarurligini ta’kidladilar”, — deyiladi kommunikeda.

Bundan tashqari, vazirlar qonun ustuvorligi, demokratiya, hokimiyatni to‘g‘ri boshqarish, gender tengligi va umuminsoniy huquqlar sohalarida “taraqqiyot muhimligini yana bir bor tasdiqladilar”. Ishtirokchilar ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligini “kafolatlashning ahamiyati”, shuningdek, dezinformatsiya va nafrat so‘zlaridan himoyalanish zarurligini muhokama qildilar, deyiladi hujjatda.

Uchrashuvda muhokama qilingan boshqa mavzular orasida iqlim, suv, energetika va ekologik muammolarni hal qilishda Markaziy Osiyoda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyoning Yevropa Ittifoqi bilan ta’lim sohasidagi hamkorligi va Afg‘onistondagi vaziyat ham o‘rin oldi.

Vazirlar 2024-yilda Turkmanistonda yana uchrashishga kelishib oldilar. “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” birinchi sammiti ham kelasi yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan oldin, 2024-yilning 29−30-yanvar kunlari Bryusselda “Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo” investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi, ular kommunikeda qayd etilganidek, ikki hudud o‘rtasida “barqaror transport aloqalarini rivojlantirishdan” manfaatdor bo‘lgan davlat va xususiy investorlar ishtirokida o‘tkaziladi.