YUNESKO o‘g‘irlangan yodgorliklardan iborat virtual muzey yaratishni rejalashtirmoqda. Loyihadan ko‘zlangan maqsad odamlarning madaniy boyliklarning noqonuniy savdosi haqida xabardorligini oshirishdan iborat, deb yozmoqda The Guardian.

Muzey Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol bilan hamkorlikda tashkil etiladi, uning ma’lumotlar bazasida dunyo bo‘ylab muzeylar, shaxsiy kolleksiyalar va arxeologik obyektlardan o‘g‘irlangan 52 mingdan ortiq artefaktlar kiritiladi.

Loyiha qiymati 2,5 million dollarga baholangan. Muzey 2025-yilda ochilishi kutilmoqda.

Tashrif buyuruvchilar eksponatlarning uch o‘lchamli modellarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Ularning har biri o‘zining noyob ahamiyati haqidagi ma’lumotlar, jumladan, mahalliy hamjamiyatlarning ular haqidagi hikoyalari bilan birga taqdim etiladi.

“Ashyolar real hayotda mavjud eksponatlardir, ammo biz ularning qayerdaligini bilmaymiz”, — dedi YUNESKO Bosh direktori o‘rinbosari Ernesto Ottone. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy qiyinchilik artefaktlarning 3D tasvirlarini yaratish bo‘lib, ularning aksariyati faqat kichik qora-oq fotosuratlardagina qayd etilgan.

Loyiha muallifi — arxitektor Frensis Kere soha bo‘yicha nufuzli Pritsker mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi afrikalik hisoblanadi, deb yozadi nashr. Uning aytishicha, dastlabki to‘plamdan mintaqalar, mamlakatlar va madaniyatlarni bog‘laydigan 600 ta eksponat joy oladi.