O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Qirg‘iziston harbiy-havo kuchlarining MI-8MTV vertolyotini ta’mirlab, qaytarib topshirdi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

2021-yil mart oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonga tashrif buyurgan va o‘shanda Mudofaa vazirligi orqali Qirg‘izistonga bitta vertolyotni tekinga berish hamda yana bir vertolyotni tiklashga tayyorlik bildirilgandi.

Mudofaa vazirligining qayd etishicha, ikki mamlakat mutaxassislari ta’mirdan chiqqan vertolyotning sinov parvozlarini amalga oshirgan. “U foydalanishga shay holatga keltirildi”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ta’mirlash ishlari Toshkent viloyatidagi Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodida amalga oshirildi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Facebook`dagi sahifasida bunga munosabat bildirdi.

садир жапаров, қирғизистон, harbiy вертолёт, мудофаа vazirligi

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat prezidentlari erishgan kelishuvga muvofiq, 2021-yilda O‘zbekiston Qirg‘izistonga gumanitar yordam sifatida MI-8MTV harbiy vertolyotini bepul yetkazib bergan.

Shundan so‘ng Qirg‘iziston harbiy aviaparkidagi xuddi shunday vertolyotlardan biri O‘zbekistonning Chirchiq aviatatsiya ’mirlash zavodiga kapital ta’mirlash uchun topshirilgan.

“O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ta’mirlash ishlarini to‘liq o‘z zimmasiga olgandi”, — deydi Sadir Japarov.

Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi mutaxassislari vertolyotni qabul qilib, Chirchiqdan O‘sh orqali Bishkekka yetkazgan.

“Albatta, bularning barchasi O‘zbekiston prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi va nazorati bilan amalga oshdi. Shu munosabat bilan Shavkat Miromonovichga chuqur minnatdorligimni bildiraman”, — degan Japarov.