Surxondaryo viloyatida “VAZ-2106” (“Jiguli”) rusumli avtomashinaning gaz balloni portlashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Elnur Abrayev ma’lum qildi.

Hodisa 19-oktabr kuni Denov tumanidagi “Denov-Mobil” MCHJga qarashli gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan.

Erkak tanishining mashinasi yordamida “Jiguli”ni yonilg‘i quyish shoxobchasiga haydab borgan. Mashinaga metan gazini quyish paytida unga o‘rnatilgan propan balloni portlab ketgan.

Oqibatda yonilg‘i quyish shoxobchasi xodimi (1980-yilda tug‘ilgan) va mashinani shoxobchaga yetkazishga yordam bergan ikkinchi haydovchi (1998-yilda tug‘ilgan) voqea joyida halok bo‘lgan. “Jiguli” haydovchisi tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan.

Surxondaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.