O‘rmon xo‘jaligi agentligining Toshkent viloyatidagi “Darxon” manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi ilmiy tajriba stansiyasi (dendropark) hududida daraxtlarni kesish va noqonuniy obyektlar qurish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuratura matbuot xizmati.

O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Darxon stansiyasi, Toshkent tuman hokimligi xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 198 (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 205-(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, dendropark hududida idoralar, turar-joy binolari va mebel sexlari (ular 2017-yildan buyon qurilib boshlangan) noqonuniy qurilgani, 85 tup qimmatbaho navli noyob yong‘oq daraxtlari kesib tashlangani, daraxtlarning 103 tupi esa mas’uliyatsizlik sabab qurib qolishiga olib kelingani aniqlandi.

Qonunchilikka ko‘ra, bunday xo‘jalikning yer fondi faqat kapital qurilish huquqisiz ijaraga va faqat ekologiya, o‘simlikchilik hamda o‘rmon xo‘jaligi va ekoturizmni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish maqsadida berilishi mumkin.