HAMASning Isroilga uyushtirgan hujumlari ortidan harbiy harakatlar boshlanganidan buyon ilk marta 21-oktabr kuni 20 ta yuk mashinasidan iborat gumanitar karvon G‘azo sektoriga yetib keldi. Ular Misr bilan chegaradagi Rafah punkti orqali o‘tgan, deb xabar bermoqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti axborot xizmati.

G‘azoliklar uchun asosiy oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar Misr Qizil Yarim Oy jamiyati va BMT agentliklari tomonidan taqdim etilgan. Tovarlar BMT ko‘magida Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati xodimlari tomonidan qabul qilingan.

Yukning bir qismi sifatida YUNISEF 44 ming shishadan ortiq ichimlik suvi yetkazib bergan — bu 1 kunga atigi 22 ming kishiga yetadi.

BMTning Favqulodda yordam koordinatori Martin Griffitsning aytishicha, birinchi yordam yetkazilishi G‘azo aholisini oziq-ovqat, suv, dori-darmon va yoqilg‘i kabi zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlash uchun doimiy va xavfsiz yo‘l ochilishiga imkon beradi. Ayni damda Isroil yoqilg‘i yetkazib berishga ruxsat bermayapti.

Yordamni yetkazib berish barcha manfaatdor tomonlar bilan bir qancha kunlik intensiv muzokaralar natijasida amalga oshirilgan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Misrga, jumladan, Sinay yarim oroli shimolidagi Rafa — G‘azo bilan yagona ochiq chegara o‘tish punktiga tashrif buyurgan.

“Birinchi suv zaxiralari cheklangan miqdorda bo‘lsa ham, hayotni saqlab qoladi, ammo suvga, oziq-ovqat, yoqilg‘i, dori-darmon, zarur tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj juda katta. Agar biz insonparvarlik yordamini ta’minlay olmasak, hayotga xavf tug‘diruvchi kasalliklar tarqalishining haqiqiy tahdidiga duch kelamiz”, — dedi YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti G‘azodagi shifoxonalar yaradorlar hamda boshqa bemorlarni davolash uchun zarur bo‘lgan dori-darmon va tibbiy buyumlar tanqisligi tufayli juda muhim nuqtaga yetganini ma’lum qildi.

Ikki haftadan buyon davom etgan harakatlar G‘azo infratuzilmasining ko‘p qismini, jumladan, suv va kanalizatsiya tizimlarini vayronaga aylantirgan. Hozirda G‘azoning suv ta’minoti odatdagi suv hajmining atigi 5 foizini tashkil qiladi va 2,3 millionga yaqin g‘azolik kuniga bir kishi uchun 3 litr suv oladi.

бмт, ғазо
Foto: BMT/ Eskinder Debebe.

BMT rahbari Antoniu Guterrish shanba kuni Qohira Tinchlik sammitida so‘zlagan nutqida G‘azoga zudlik bilan cheklovsiz va uzluksiz insonparvarlik yordami yetkazilishini, HAMAS tomonidan garovga olingan barcha odamlarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilishni, shuningdek, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMASning tinch aholiga qarshi uyushtirgan hujumlari va terrorchilik harakatlarini hech narsa oqlay olmaydi. Antoniu Guterrish tinch aholini himoya qilish, shifoxonalar, maktablar va BMT muassasalariga hujumlardan tiyilishni o‘z ichiga olgan xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilish zarurligini ta’kidladi.

U, shuningdek, “haqiqiy tinchlik va barqarorlikning yagona real asosi”, ya’ni isroilliklar va falastinliklar uchun ikki davlat yechimini e’tibordan chetda qoldirmaslikka chaqirdi. “Harakat qilish vaqti keldi. Bu dahshatli tushni tugatish uchun harakat qiling. Falastin, Isroil, mintaqa va dunyo bolalari orzu qilgan kelajakni qurish uchun harakat qiling”, — dedi u.