O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev vatandoshlarini 21-oktabr kuni nishonlanadigan O‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi.

“Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasini biz milliy o‘zligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorug‘ kelajagimizni ta’minlashning eng muhim omili, deb bilamiz. Shu ezgu maqsad yo‘lidagi amaliy harakatlarimiz tufayli jamiyatimiz hayotida davlat tilining qo‘llanish doirasi tobora kengayib, u xalq dilining chinakam ko‘zgusiga aylanmoqda”, — deya qayd etdi davlat rahbari o‘z tabrigida.

Prezident so‘nggi yillarda barcha sohalarda davlat tilida ish yuritish sifati yaxshilangani, uning nazariy va uslubiy asoslari mustahkamlanganini ta’kidladi.

Lotin grafikasi asosidagi alifbomizni takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda. Ushbu masala yuzasidan xalqimiz, jamoatchiligimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar jiddiy o‘rganilib, muhokamadan o‘tganidan so‘ng tegishli qonun loyihasini yana bir bor ko‘rib chiqib, parlamentga kiritish maqsadga muvofiqdir”, — dedi prezident.

“Biz davlat tili taraqqiyotini jahondagi yetakchi xorijiy tillar va mamlakatimizdagi turli millat vakillarining tili va madaniyatini rivojlantirish bilan bog‘liq holda ko‘ramiz. Bugungi kunda yurtimizda ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Respublikamizdagi mavjud 1453 ta ommaviy axborot vositasi hamda yuzlab veb-saytlar orqali qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, turkman, koreys, turk, arab, ingliz, nemis va boshqa tillarda ham materiallar e’lon qilinmoqda. Biz O‘zbekistonni tenglik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyoriga aylantirish maqsadida turli millatga mansub fuqarolarimizning til sohasidagi huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz”, — deya ta’kidladi u.

“O‘tgan asr boshlarida ma’rifatparvar jadid bobolarimiz „Tilda, fikrda, ishda birlik“ degan ezgu g‘oya asosida maydonga chiqib, xalqimizni mustamlaka zulmidan xalos qilish, uni zamonaviy ilm-fan, kasb-hunar va madaniyatga oshno etish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirgan edilar. Ana shunday mushtarak maqsadlar, umummilliy birlik va ahillik bugun biz uchun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”, — dedi prezident.

“Hozirgi o‘ta keskin va tahlikali zamonda faqatgina shu asosda o‘z milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qilishga, jumladan, ona tilimizni asrab-avaylash va boyitish, uni ilm-fan, iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya, diplomatiya va boshqa muhim yo‘nalishlarda ta’sirchan muloqot vositasiga aylantirib, taraqqiyot sur’atlariga uyg‘un holda rivojlantirishга, xalqaro nufuzini munosib darajaga ko‘tarishga erisha olamiz”, — deya tabrigini davom ettirdi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev shoir Erkin Vohidovning: “Ona tili — umummillat mulki. Demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy bo‘lib, bu yolg‘iz tilshunoslarning emas, butun millatning ishi”, degan so‘zlarini iqtibos qilib keltirib, buni doim yodda saqlash lozimligini qayd etdi.