O‘zbekiston Adliya vazirligi, Maktabgacha ta’lim agentligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bolalar bog‘chasiga yo‘llanma olish tartibini soddalashtirdi, deb xabar bermoqda Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.

Yaqin vaqtgacha ota-onalar Davlat xizmatlari markazidan yo‘llanma olishlari kerak edi (agar ariza markaz orqali topshirilgan bo‘lsa), bu vaqt va pul talab qilardi.

Endilikda yo‘llanma shakllanishi bilan ota-onaga ariza raqami va maxfiy kod SMS xabar shaklida yuboriladi. Ushbu kod bilan bolalar bog‘chasiga borib, uni bog‘cha mudiriga ko‘rsatish kifoya.

“Maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari yo‘llanmani tasdiqlovchi maxfiy kod taqdim etmaguningizcha yo‘llanmani ko‘ra olmaydi va bu korrupsiya holatlarining oldini oladi”, — deyiladi xabarda.

2022-yilda mamlakatda bog‘chaga 1,405 milliondan ortiq, 2023-yilning to‘qqiz oyida esa 1,022 million yo‘llanma berilgan. Ushbu qulaylik orqali yiliga 1,2 milliondan ortiq (6 tonna) qog‘oz tejalishiga erishiladi, deyiladi Davlat xizmatlari agentligi xabarida.

Bolani bog‘chaga qabul qilish tartibi bilan ushbu havolada tanishish mumkin. Arizalar esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP — my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.