Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida aholini AQShga noqonuniy ravishda jo‘natish bo‘yicha urinishlarning oldi olindi, deb xabar berdi departament matbuot xizmati.

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida fuqaro D.X. M.A.ni 16 ming dollar evaziga tanishlari yordamida AQShga ishlash uchun yuborishini aytib, oldindan 3 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Poytaxtning Yunusobod tumanida esa muqaddam sudlangan F.M. J.K.ni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari yordamida 10 ming dollar evaziga AQShga ishga yuborishini va’da qilib, oldindan 3200 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.