Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Uning matni davlat rahbarining matbuot xizmatida e’lon qilindi.

U tashkilotga a’zo davlat rahbarlariga chuqur hurmat-ehtirom hamda O‘zbekiston raisligini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun samimiy minnatdorchiligini bildirdi.

“Turkiy davlatlar tashkilotining jadal o‘sib borayotgan salohiyati va obro‘-e’tibori — bu bizning do‘stligimiz va birdamligimiz kuch-qudratining hamda faqat birgalikda sezilarli va ulkan natijalarga erisha olishimizning yaqqol tasdig‘idir. So‘nggi yilda Turkiy davlatlar tashkilotida O‘zbekiston raisligida muhim ahamiyatga molik va keng qamrovli ishlar amalga oshirildi, hamkorligimiz yanada kengaydi hamda yangi yuksalish sur’atiga ega bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Anjuman Tashkilot kun tartibidagi o‘ta muhim voqealardan biridir, chunki vakolatli idoralarning xavfsizlikka qarshi zamonaviy tahdidlarni bartaraf qilish va mamlakatlarni barqaror taraqqiy ettirish yo‘llarini izlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlari alohida ahamiyat kasb etib bormoqda. Bunday formatdagi uchrashuv xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish hamda bugungi notinch dunyodagi umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda javoblar ishlab chiqish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qiladi, deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari.

Shuningdek, prezident o‘tgan yili Anqara shahrida o‘tgan Xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi yig‘ilishida erishilgan samarali natijalarni yuqori baholashini ma’lum qildi.

“Ishonchim komilki, turkiy tilli mamlakatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmi Turkiy davlatlar tashkiloti makonida xavfsizlik sohasidagi muloqotni mutlaqo yangi darajaga olib chiqadi”, — dedi prezident.

Ushbu yig‘ilish xalqaro miqyosda murakkab vaziyat hukm surayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda. Bugungi kunda jahon prognoz qilish qiyin bo‘lgan va hatto oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan fundamental o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda. Xalqaro maydonda o‘zaro ishonch va bir-birini tushunish inqirozi keskin sezilmoqda. Global va mintaqaviy xavfsizlikka qarshi tahdidlar kuchaymoqda va yangi xavf-xatarlar vujudga kelmoqda. Shu munosabat bilan sizlar rahbarlik qilayotgan tuzilma va idoralarga alohida mas’uliyat yuklatilmoqda. Sizlar ishtirok etayotgan yig‘ilish kun tartibi juda sermazmun, birgalikda qarorlar qabul qilishni hamda o‘zaro hamjihatlikda faoliyat yuritishni talab etadigan muhim masalalar sizlarning e’tiboringizga havola qilinmoqda.

Bugun sizlar terrorizm, ekstremizm va yoshlarning radikallashuvi, kiberjinoyatchilik, narkotik vositalarning tarqalishi, transchegaraviy jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamdagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashasiz. Ushbu anjuman mamlakatlarimiz va mintaqadagi xavfsizlikka nisbatan tahdidlarni bartaraf etishda o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish imkonini beradigan sermahsul fikr almashuvlar hamda yangi taklif va tashabbuslarga boy bo‘lishini tilayman, deyiladi tabrikda.