Kanada Hindistondan 41 nafar diplomatini vataniga qaytardi, deb xabar bermoqda CNN. Avvalroq Hindiston rasmiylari ular oktabrdan keyin ham mamlakatda qolsa, diplomatik daxlsizliklari bekor qilinishi bilan tahdid qilgan edi.

Xodimlarning qisqarishi tufayli Kanada uchta konsullik: Mumbay, Bangalor va Chandigarhdagi diplomatik xizmatlarni to‘xtatdi.

Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Jolining aytishicha, Kanada hukumati javob choralarini ko‘rmaydi, chunki bu xalqaro huquqni buzish hisoblanadi.

Kanadalik diplomatlar evakuatsiya qilinganidan so‘ng, Jolining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning Hindistondagi elchixonasida 21 nafar xodim qolgan.

CBC telekanali vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, Hindiston har ikki davlatda bo‘lgan diplomatlar sonini tenglashtirish uchun Kanada diplomatik missiyasi xodimlarini chiqarib yuborishni talab qilganini bildirdi. Hindiston rasmiylarining aytishicha, ularning Kanadada atigi 21 nafar akkreditatsiyadan o‘tgan diplomati bor.

Hindiston va Kanada o‘rtasidagi munosabatlar Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning hind razvedka xizmatlari Kanada fuqarosi, sikxlar jamiyati yetakchilaridan biri Singx Nijjarning o‘ldirilishiga aloqadorligi haqidagi bayonotidan keyin yomonlashdi. U Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi Surrey shahridagi sikxlar ibodatxonasiga kiraverishda iyun oyida otib o‘ldirilgandi.

Nijar mustaqil Xaliston davlatini yaratish tarafdori bo‘lgan va Hindistonda terrorchi deb hisoblangan. Hindiston ayblovlarni rad etib, ularni “bema’ni” va “asossiz” deb atadi.

sentabr oyida Kanada hindistonlik yuqori martabali diplomatni Hindistonning mamlakatdagi razvedkasi rahbari degan gumonda o‘z hududidan chiqarib yubordi. Hindiston bunga javoban Kanada diplomatini chiqarib yubordi.

Mojarolar fonida Hindistonning Ottavadagi elchixonasi “texnik sabablarga ko‘ra” Kanada fuqarolariga viza berishni to‘xtatdi. Hindiston fuqarolariga ham Kanadaga sayohat qilmaslik tavsiya etilgan.