Xorazm viloyatida 3-noyabrdan sovuq suv ta’minoti va oqova xizmatlari narxi oshadi, deb xabar qildi “O‘zsuvta’minot” korxonasi matbuot xizmati.

Hududda sovuq suv uchun yangi tariflar:

  • aholi uchun — kubometri uchun 2800 so‘m;
  • budjet tashkilotlari uchun — kubometri uchun 5 700 so‘m;
  • ulgurji iste’molchilar uchun — kubometri uchun 5700 so‘m.

Oqova xizmatlari uchun tariflar:

  • aholi uchun — kubometri uchun 1550 so‘m;
  • budjet tashkilotlari uchun — kubometri uchun 2400 so‘m;
  • ulgurji iste’molchilar uchun — kubometri uchun 2400 so‘m.

Avvalroq “Gazeta.uz” Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida ichimlik suvi va oqova xizmatlari narxlari oshgani haqida xabar bergandi.

Korxona bayonotida ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yilda Xorazm viloyatida aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan qamrab olish darajasi 52,1 foizdan 85,5 foizga oshgan. Yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkichni 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Viloyat aholisini suv bilan ta’minlaydigan 200 ming kubometr quvvatga ega Pitnak suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish, uning quvvatini 400 ming kub metrga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Gurlan tumanida suv manbalaridan olisda joylashgan Gurlan, Yangibozor va Shovot tumanlari aholisini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida quvvati 50 kub metr bo‘lgan yangi suv tozalash inshootini qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Urganch, Xiva va Pitnak kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, Gurlan tumanida kanalizatsiya tizimlarini barpo etish reja qilingan.

Ushbu maqsadlar uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 150 million dollar miqdorida kredit jalb etildi.

Shu bilan birga, xabarda qayd etilishicha, ish haqi, elektr-energiya, soliq to‘lovlari, xorijiy kreditlar to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lib, joriy va kapital ta’mirlash, tizimni modernizatsiya qilish ishlarida ham sarf-xarajatlar talab etiladi.

Yuqoridagilarning barchasini inobatga olgan holda xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi 18-oktabrdagi qarori bilan ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.