Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Global ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda unda qatnashayotgan “Gazeta.uz” muxbiri.

Forumda 140 davlatdan kelgan delegatlar, turizm rahbarlari bilan bir qatorda ta’lim sohasiga mas’ul rahbarlar ham ishtirok etgan. Uni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri — “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori Aziz Abduhakimov ochib bergan.

Tadbirda so‘zga chiqqan maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘quvchilarda erta yoshlardanoq turizm sohasi haqida tushuncha hosil qilish hamda ularning qiziqishlarini oshirish kerakligini ta’kidlagan. Vazirlik tizimida Samarqand va Namangan viloyatlarida bolalar sayyohlik bazalari faoliyat ko‘rsatayotganini aytib o‘tgan.

unwto, азиз абдуҳакимов, maktablar, самарқанд, turizm соати, ҳилола умароva
Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

“Endilikda Samarqanddagi 20 ta maktabda tajriba sifatida maktabdan tashqari ta’lim sifatida turizm soatlarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu borada Butunjahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda ishlayapmiz”, — dedi Hilola Umarova.

Aziz Abduhakimov, shuningdek, ushbu soatlar o‘quvchilarning O‘zbekiston va xorijdagi turizm hamda madaniy meros haqidagi bilimlarini shakllantirishga xizmat qilishini, UNWTO bilan hamkorlikda ushbu dasturni ilg‘or jahon amaliyotiga asoslangan holda yanada rivojlantirilishini qo‘shimcha qildi. Mazkur yangilikni Buxoro, Xiva, Shahrisabz va O‘zbekistonning boshqa turistik yo‘nalishlaridagi maktablar o‘quv dasturlariga kiritish tarafdori ekanini qayd etdi.

unwto, азиз абдуҳакимов, maktablar, самарқанд, turizm соати, ҳилола умароva

Foto: Ekologiya vazirligi

“Bu hafta Samarqandda UNWTO bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan Xalqaro turizm akademiyasi ishga tushiriladi. Bosh kotib [Zurab Pololikashvili] allaqachon yangi akademiya joylashgan binoga tashrif buyurdi. Ishonchim komilki, bu nafaqat talabalar va O‘zbekiston turizm sanoati, balki tashkilotga a’zo boshqa ko‘plab davlatlarning turizm sanoati uchun ham foydali bo‘ladi”, — dedi vazir.

Zurab Pololikashvili bu turizmni rivojlantirish uchun alohida va katta qadam ekanini, O‘zbekiston maktablarda turizm soatlari boshqa fanlar — geografiya, tarix, matematika kabi alohida dars sifatida o‘tiladigan birinich davlat bo‘lganini alohida ta’kidlagan. Uning fikricha, uzoqni ko‘zlab qilingan bu g‘oya bolalarda turizmga qiziqishni yanada oshirishda ancha qo‘l keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNVTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilishida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surgandi.