28-sentabr kuni “Inter Logistics”ga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan portlashda xonadonlari shikastlangan Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” mavzesida yashovchi ko‘plab fuqarolar yetkazilgan zarar haligacha to‘liq qoplanmagani haqida “Gazeta.uz”ga murojaat qildi.

Yuzlab xonadonlarda portlash to‘lqini deraza romlari, shishali buyumlar va mebellarga zarar yetkazgan. Shahar ma’muriyati yetkazilgan zararni tezda qoplashga va’da bergandi. Biroq deyarli uch hafta o‘tgach, kunlar soviyotganiga qaramay, ba’zi xonadonlarda hali ham derazalar o‘rnatilmagani ma’lum qilindi. Uy egalari bunday holatdagi derazalarni vaqtinchalik polietilen paketlar bilan qoplagan, ayrimlari uni mato bilan to‘sib qo‘ygan.

сергелидаги portlash

Portlashdan so‘ng darhol favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha shtab tashkil etildi. Sergeliga shaharning boshqa tumanlaridan kommunal xizmatlar, huquq-tartibot idoralari va boshqa tashkilotlar kuchlari jalb qilindi.

Dastlabki kunlarda ommaviy axborot vositalari derazalarni almashtirish, binolarni ta’mirlash va hududlarni tozalash ishlarini faol ravishda yoritib bordi.

Hozirda ahvol qanday?

Tashqi tomondan qaraganda, hududdagi umumiy holat yahshilangan. Ta’mirlash ishlari tugallanib qolgan. Biroq aholi xonadonlarida deraza romlari va eshiklar shoshib o‘rnatilganini aytmoqda.

“Gazeta.uz” muxbirlari jabrlangan aholi xonadonlariga borib, portlash sababli halok bo‘lgan bolaning oilasi bilan ham suhbatlashdi. Vafot etgan bola Abrorxo‘janing opasi jabrlangan onasiga qarashish uchun shifoxonaga borganda nashatir spirti ham topa olmagani, shifoxonadagi ahvol yomonligi haqida gapirdi.

“Bunga kim javob berishi kerak? Buni kim nazorat qiladi? Nega bu kabi inshootlarni turar-joylar yaqinida qurishadi? Ularga buning uchun kim ruxsat bergan? Javob berishsin”, — deya ta’kidladi marhumning opasi.

сергелидаги portlash

“Gazeta.uz” videoreportaji e’lon qilingach, Sergeli tuman hokimiyati unga rasmiy munosabat bildirib, zarar ko‘rgan xonadonlarni ta’mirlash ishlari davom etayotgani va to‘liq oxiriga yetkazilishi qat’iy nazoratga olinganini ma’lum qildi. Ammo xabar oradan ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlandi.

сергелидаги portlash

“Haqiqatan ham, ba’zi shikast yetish darajasi nisbatan og‘irroq bo‘lgan xonadonlarda hozirgi kunga qadar ta’mirlash ishlari yakuniga yetmagani va bu ishlar xozirda ham davom etayotganini ma’lum qilamiz. Ushbu ishlarning hanuzgacha yakunlanmagani ta’mirlash jarayoniga uchun zarur bo‘ladigan jihozlarni (nostandart deraza, eshik-romlar) tayyorlashga talab etiladigan muddatlar bilan bog‘liq. O‘z navbatida, „Gazeta.uz“ tahririyati va mazkur masalaga befarq bo‘lmagan barcha OAVlar hamda faollarga ushbu hududdagi aholi uchun qayg‘urayotganliklariga minnatdorchiligimizni bildiramiz”, — deyilgandi munosabatda.

Hokimlik ta’mirlash ishlari davom etayotgani va to‘liq oxiriga yetkazilishi qat’iy nazoratga olinganini bildirib, xonadon egalaridan keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.