O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Babayev diplomatik missiyasini yakunlamoqda, deya xabar berdi “Dunyo”AA.

Shu munosabat bilan u Polshaning Eurogospodarka nashriga intervyu bergan. Diplomat O‘zbekistonning Polsha bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya va iqtisodiy hamkorlik, yuqori texnologiyalar transferi, fan, texnika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, ekologiya, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi o‘zaro hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash belgilanganini ta’kidladi.

“Polsha O‘zbekistonning yetakchi savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri. Logistika imkoniyatlarini cheklash bilan bog‘liq muayyan qiyinchiliklarga qaramay, 2022-yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash birinchi marta 352 mln dollarga yetdi, shu jumladan O‘zbekistondan Polshaga eksport hajmi 131,1 mln dollarni tashkil etdi. Polsha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida O‘zbekistondan mahsulot import qilish bo‘yicha ikki yil davomida yetakchilik qilmoqda”, — dedi Bahrom Babayev.

Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida bir qator yetakchi Polsha kompaniyalari Adamed Group (sog‘liqni saqlash), Codepharm (farmatsevtika), Dressta Liugong (og‘ir qurilish texnikasi ishlab chiqarish), Lenartt (transport/logistika), LUG Light Factory (energetika), LUG Light Factory (qurilish kimyosi) faoliyat ko‘rsatmoqda.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda Polshaning Transforwarding International (transport/logistika), Pronar (qishloq xo‘jaligi mashinalari ishlab chiqarish), Seneka Poland (baliq yetishtirish), KGHM (mis ishlab chiqarish va qayta ishlash) va boshqalar o‘z kapitallarini investitsiya qilish niyatida.

Diplomat universitetlar, ilmiy va madaniy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarning kengayishini, shuningdek, shaharlar va mintaqalar o‘rtasidagi imtiyozli munosabatlarni qayd etdi. Xususan, hozirgi kunda yettita o‘zbek va Polsha oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida kelishuvlar mavjudligi, Polshaning turli shaharlarida esa 5000 dan ortiq o‘zbek talabalari tahsil olayotgani qayd etildi.

“Bugun O‘zbekistonda 30 dan ortiq yetakchi xorijiy universitetlar, jumladan, Andijonda 3 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan Varshava menejment universiteti o‘z filiallarini ochdi. Ayni paytda biz Toshkentda ijtimoiy va iqtisodiy universitetning filialini ochish ustida ishlayapmiz”, — dedi elchi.

2023-yilning 9 oyida mamlakatga 5000 dan ortiq Polsha fuqarolari tashrif buyurishdi. Uzbekistan Airways va LOT Polish Airlines aviakompaniyalari 2024-yil 23-fevraldan boshlab “Varshava-Toshkent-Varshava” to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviatashuvini ishga tushirish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar.

Diplomatning ta’kidlashicha, u Polshada diplomatik vakolatxona rahbari sifatida sakkiz yil ishlagan. Mamlakat haqida boy tajriba va bilimlarga ega, eng muhimi, qo‘llab — quvvatlashi va yordami doimo sezilib turadigan ko‘plab do‘stlar orttirgan.

“Yillar davomida juda ko‘p ishlar qilindi, oldinda ikki tomonlama kun tartibining aniq yo‘nalishlari bo‘yicha katta ishlar davom etmoqda. Bizning maqsadimiz — O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida turli xil siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha chuqur muloqot va amaliy hamkorlikni amalga oshirish”, — deya xulosa qildi elchi.

Bahrom Babayev 2015-yildan boshlab diplomatik missiyani Polshada O‘zbekiston ishlarida vaqtinchalik vakil sifatida va 2019-yil may oyidan elchi sifatida davom ettirgan.