Qozog‘iston politsiyasi Chimkentdagi g‘isht zavodlarida noqonuniy ravishda ushlab turilgan 60 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosini mehnat qulligidan ozod qilgani haqida yozgandik. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi holat yuzasidan bayonot berdi.

Voqea haqida

Chimkent shahridagi g‘isht zavodida mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik A.A. majburiy mehnatdan qochib, Olmaota shahriga borgan va u yerda noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan edi.

14-oktabr kuni Chimkent shahridagi g‘isht zavodlarida tezkor tadbirlar o‘tkazilishi natijasida 60 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va yashash ruxsatnomasi yo‘qligi sababli Karatau tumani politsiyasi bo‘limiga olib ketilgan.

Vaziyat O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv davomida hujjatlari yo‘q 40 nafar fuqaro Chimkent shahridagi IIB vaqtinchalik saqlash markaziga va 24 nafari “Sana Sizem” tashkiloti yordamida hostelga joylashtirilgan.

18-oktabr kuni 40 nafar fuqaroning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari Chimkent shahri politsiyasi bo‘limi xodimlari tomonidan topilgan va ularga nisbatdan Qozog‘istonning Ma’muriy kodeksi bo‘yicha ish ko‘rilmoqda.

Agentlik munosabati

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Chimkent shahridagi vakili tomonidan Karatau tumani politsiyasi bo‘limida ushbu fuqarolar bilan suhbat o‘tkazildi.

Ularning huquqlari tushuntirildi. Fuqarolarning asosiy qismi pasportlari qaytarib berilsa, vatanga qaytishini, ish beruvchiga nisbatan e’tirozlari yo‘qligini bildirdi, deyiladi agentlik xabarida.

Aniqlanishicha, hostelga joylashtirilgan fuqarolar orasida A.A. ham bor va murojaat bo‘yicha sudga qadar tergov harakatlari olib borilmoqda.