Traveltomtom nomi bilan tanilgan gollandiyalik sayohatchi va bloger Tom Grond o‘z saytida Afrosiyob poyezdi boshlig‘i ishdan bo‘shatilganidan afsusda ekanini bildirdi va 15 dollar pora evaziga qanday qilib ekonom-klassdan VIP darajasiga ko‘targani tafsilotlarini so‘zlab berdi.

“Men deyarli hech qachon sayyohlik agentliklari orqali sayohat qilmayman. Bu safar O‘zbekistonga sayyohlik agentligi orqali kelishga qaror qildik. Dastlabki rejamiz avvalo Turkmanistonga, so‘ng O‘zbekistonga, keyin esa Tojikistonga davom etish edi. Ehtimol Turkmanistonga faqat sayyohlik agentligi orqali borish mumkinligini bilarsiz, shuning uchun o‘sha sayyohlik agentligi O‘zbekistonga sayohatimizni rejalashtirishni taklif qilganida, rozi bo‘lishga qaror qildik”, — deb tushuntirdi sayohatchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga uni olib kelgan sayyohlik agentligidan hafsalasi pir bo‘lgan. “Gazeta.uz” muxbiri bilan yozishmalarda Tom uning nomini aytmadi, biroq kompaniya O‘zbekistonniki ham, Turkmanistonniki ham emasligini ta’kidladi.

“Biz so‘ragan ko‘p narsa rejaga muvofiq chiqmadi. Biz sayyohlik agentligi u yer- bu yerda bir necha dollarni tejash uchun nimalar qilganini va bizni duch kelgan mehmonxonaga joylashtirganini tezda tushunib yetdik”, — deya davom etdi u.

Sayyohlik agentligi Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi Afrosiyob tezyurar elektropoyezdiga chiptalarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullangan. Tom o‘zi va jamoasi uchun eng yaxshi chiptalarni sotib olishni so‘ragan, ammo talabi bajarilmagan. Yo‘lga chiqishdan bir kun avval u “O‘zbekiston temir yo‘llari” mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limiga telefon orqali chiptani yangilash uchun qo‘ng‘iroq qilgan, biroq unga hech kim yordam bera olmagan. Muammolar sayohat kuni, sayyoh vokzalga kelganida ham davom etgan.

“Gap shundaki, men Samarqanddagi vokzalni 15 daqiqadan ko‘proq aylanib, menga poyezd chiptasi masalasida yordam beradigan odam topdim. Chiptani VIP sinfiga o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan rasmiy kassir yoki xodimga pul to‘lashga tayyor edim. Google Translate va qo‘limda pul bilan men kerakli odamni qidirdim, ammo hech qanday natija bermadi. Hech kim menga yordam bera olmadi. Qolaversa, hatto Google Translate orqali men bilan bog‘lanishga uringan odamlar menga poyezddagi konduktor oldiga borib, VIP darajasiga ko‘tarib berishini so‘rashimni maslahat berishdi”, — dedi Tom o‘z blogida.

Odamlarning maslahati bilan sayyoh 15 dollar pora bergan va uni ekonom-klass vagonidan VIP vagonga o‘tkazishgan. Tom 16-iyul kuni Instagram-akkauntida (500 mingdan ortiq obunachi) post qoldirdi. Blogger porani aynan kimga berganini tilga olmagan.

10-oktabr kuni videoni Troll.uz kanali tarqatdi. Xorijlik sayyoh bilan sodir bo‘lgan voqea ma’lum bo‘lgach, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi poyezd boshqaruvchisi 10-iyul kuni ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Tom esa 16-oktabr kuni bayonot berdi.

“Eng achinarlisi shundaki, O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi xodimi sobiq ish joyidagi mijozlar bilan aloqa va ularga xizmat ko‘rsatmagani uchun ishdan bo‘shatildi. Xodimni ishdan bo‘shatib, keyin korrupsiyaga qarshi kurashayotganingizdan faxrlanishingizni aytasiz… biroq O‘zbekistonning ushbu temir yo‘l kompaniyasi ham oynadagi aksiga qarashi kerak”, — deya ta’kidladi bloger.

“O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi o‘z xulosasini chiqaradi, degan umiddaman, chunki ularning xorijliklar va rus tilida so‘zlashmaydigan sayyohlarga xizmati o‘ta dahshatli! Vokzalda menga rasmiy ravishda chipta berishda yordam qiladigan bir necha ingliz tilida gapira oladigan odam bo‘lganida edi, bu vaziyatning oldini olish mumkin edi “, — deya qo‘shimcha qildi Tom.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan va O‘zbekiston matbuotidan hech kim nima bo‘lganiga oydinlik kiritish yoki munosabatini so‘rash uchun u bilan bog‘lanmagan.

Sayohatchi boshqa sayyohlarni mamlakat haqida xulosa chiqarishga shoshilmaslikka chaqirdi. Tom O‘zbekiston bo‘ylab sayohat unga ma’qul kelganini va yana qaytishni rejalashtirayotganini aytdi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish hayratlanarli va arxitektura nuqtai nazaridan mamlakat, ehtimol, dunyoda tashrif buyurish uchun eng qiziqarli mamlakatlardan biri bo‘lsa kerak. Bunday arzimagan voqea O‘zbekistonga sayohat rejalaringizga ta’sir qilmasligi lozim”, — deya xulosa qildi u.