“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi hamda Italiyaning Arsenale kompaniyasi o‘rtasida sayyohlik poyezdni ishlab chiqish va qurish bo‘yicha uch tomonlama kelishuvga erishildi.

Hujjat Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan YUNVTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida imzolandi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tomonlar sayyohlik poyezdi 2026-yil oxiridan yo‘lga qo‘yilishi va Toshkent−Samarqand−Buxoro−Xiva yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanishini kutmoqda.

Arsenale 66 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 38 kupeli, 13 ta vagondan iborat bo‘lgan hashamatli poezd ishlab chiqarish ustida ish olib boradi. Kompaniya vakillari poyezdni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashni, vagonlardagi xizmat ko‘rsatish sifati va interer dizayni “italyancha bo‘lishini” ta’kidladi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbari o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov “turizm kelajagi sifatida temir yo‘l kruizlarini yo‘lga qo‘yish konsepsiyasi bizning innovatsiyalar va barqarorlikka intilishimizga juda mos keladi”, — deb ta’kidladi.

Chet ellik sayohatchilarning e’tiborini jalb qilishni maqsad qilgan Luxury Train Cruising loyihasi Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi homiyligida amalga oshiriladi.

Arsenale uchun O‘zbekiston Osiyodagi uchinchi hamkor davlatga aylandi, deb yozadi Spot. Bungacha kompaniya Saudiya Arabistoni va BAAda hashamatli poyezdlarni yo‘lga qo‘yish rejasini e’lon qilgan.