Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston hududlari bir qancha xorijiy kompaniyalar bilan turistik obyektlar qurish borasida qator kelishuvlarga erishdi. Bu haqda forumda qatnashayotgan “Gazeta.uz” muxbiri Shohruh Haydarov xabar berdi.

Xorazm

Xorazm viloyati hokimligi Osiyo taraqqiyot banki bilan Xiva shahrini kesib o‘tgan 308 kmlik Polvon kanali bo‘yida turizm infratuzilmasini yaxshilash uchun 150 mln dollarlik mablag‘ ajratish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bank vakillari 20-oktabr kuni hududni borib o‘rganadi, hozirda loyihaning bosh rejasi ishlab chiqilmoqda.

“Xiva shahrida Khiva city deb nomlangan turizm markazini qurish bo‘yicha Koreya kompaniyasi bilan memorandum ham imzoladik. Uning qiymati 100 mln dollarni tashqil qiladi. Loyiha qurilishiga 2024-yilda start beriladi, 2026-yilgacha bitkazilishi rejalashtirilmoqda. Buning uchun vokzalning orqa tomonidagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan maydon taklif etilmoqda”, — dedi Xorazm viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azamat Xo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xiva shaharidagi Ichan qal’ada restoranlar va Bog‘ot tumanida Kalajiqqal’ada ekoturizm markazini qurish bo‘yicha Turkiya, Ozayrbayjon va Shveysariya kompniyalari qiziqish bildirgan.

“Yuqoridagi barcha loyihalar 2024-yildan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bilasiz, Xiva shahri UNESCO hududi, tashkilot ro‘yxatida turuvchi manzillar mavjud, shunday hududlarda loyihalar bo‘lsa, ular bilan kelishiladi, albatta”, — dedi Azamat Xo‘jayev.

unwto, turizm

Samarqand

Samarqand viloyati Rossiyaning Depr investment kompanyasi bilan Nurobod tumani Oqsoy mahallasida dor yo‘lini qurish bo‘yicha 18 mln 200 ming yevrolik kelishuv imzoladi. Uning uzunligi birinchi bosqichda 1,5 kmni tashqil qiladi. Hozirda dastlabki qurilish ishlari mahalliy investor tomonidan boshlangan. Keyingi bosqichni 2024-yilda Rossiya kompaniyasi davom ettiradi va yil yakuniga qadar bitkazishi belgilanmoqda.

“Misrning Arab international broker kompaniyasi bilan Urgut tumanida 2 kmga yaqin osma dor yo‘li va turizm kompleksini tashqil qilish bo‘yicha 100 mln dollarlik kelishuvga erishdik. Qurilish ishlari 2024−2026-yillarga mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, Samarqand shahrida franshiza asosida 400 o‘rinli mehmonxona qurilmoqda. Unga Wyndham mehmonxonalar tarmog‘ini jalb qildik”, — dedi Samarqand viloyati turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farrux O‘ralov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy kompaniyasi bilan Shirin massiviga 2,7 mlrd dollarlik investitsiya jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Massivda 10 ta mehmonxona, 3 ta akvanarium va boshqa infratuzilma obyektlari joy oladi.

Namangan

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida Eron kompaniyasi 15 mln dollar mablag‘ evaziga eko va agro turizm kompleksi hamda baliqchilik xo‘jalik loyihalarini amalga oshiradi.

“Turkiyaning kompaniyasi Namangan shahridagi Namangan city hududida qiymati 10 mln dollarlik, 2,5 gektar maydonda sun’iy ko‘l (akvapark) quradi. Uni ishga topshirish 2026-yilga mo‘ljallanmoqda”, — dedi Namangan viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Rasulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangiqo‘rg‘on tumanida Qirg‘iziston kompaniyasi 20 mln dollarlik turizm kompleksini quradi. U etnosport turlari — uloq, ko‘pkari, kamondan o‘q otish, otda uloq chopish kabi mashg‘ulot maydonlarini o‘z ichiga oladi. Loyihaning yakuniy muddati 2025-yil II chorakka to‘g‘ri keladi.

unwto, turizm

Qashqadaryo

Qashqadaryo viloyati tadbir doirasida jami 380 mln dollarlik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Xususan, Qozon shahrining “Kazanskiye kanatnыye dorogi” kompaniyasi Shahrisabzdagi G‘elon etno qishlog‘ida kanat yo‘lini qurishga qiziqish bildirdi.

“Birinchi bosqichda 200 mln dollarlik investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Forum yakunidan so‘ng ular qishloqqa borib, hududni o‘rganadi, shundan so‘ng dor yo‘li uzunligi aniq bo‘ladi. Xitoylik investorlar ham Kitob tumanidagi Qaynar qishlog‘i ustidan 3 kmlik dor yo‘lini qurishni rejalashtirmoqda. Loyihaning qiymati 50 mln dollar va uni 2024−2025-yillarda qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan”, — dedi Qashqadaryo viloyati turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Tojiyev.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekistonning 14 ta hududi va Markaziy Osiyo davlatlarining turistik-investitsion stendlari namoyish etilgan ko‘rgazmadan fotoreportaj tayyorlagandi.