17-oktabrdan 18-oktabrga o‘tar kechasi G‘azo sektoridagi “Al-Ahli” kasalxonasiga zarba berildi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu bo‘yicha bergan bayonotida holatni keskin qoraladi.

“G‘azo sektoridagi „Al-Ahli“ kasalxonasiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik”, — deyiladi TIV xabarida.

Vazirlik holatni “dahshatli zo‘ravonlik” deb atadi va keskin qoraladi: “Buni xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz”.

TIV vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan holda, mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga hamda o‘t ochishdan tiyilishga chaqirdi.

Seshanba kuni kechqurun kasalxonaga zarba berildi. Falastin hukumati kamida 500 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘lganini ma’lum qildi va hujumda Isroilni aybladi. Isroil, o‘z navbatida, shifoxonaga “Islom jihodi” raketasi bilan zarba berilganini aytdi (guruh buni rad etmoqda).

Kasalxonaga hujum chorshanba kuni AQSh prezidenti Jo Baydenning Isroilga tashrifi arafasida uyushtirildi. Baydenning aytishicha, uning ma’muriyati vaziyatni o‘rganmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lum qilishicha, shifoxona G‘azo sektori shimolidagi Isroil harbiylaridan evakuatsiya bo‘yicha buyruq olgan 20 ta kasalxonadan biri. Biroq mavjud notinch vaziyat, ko‘plab bemorlarning og‘ir ahvolda ekani, tez yordam mashinalari, xodimlar, shifoxona o‘rinlari va ko‘chirilganlar uchun muqobil boshpanalarning yo‘qligi sababli buyruqni amalga oshirishning iloji bo‘lmagan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kasalxonaga uyushtirilgan hujumni qoraladi. Uning ta’kidlashicha, shifoxonalar, klinikalar, tibbiyot xodimlari va BMT binolari xalqaro huquq tomonidan so‘zsiz himoyalangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham zarbani keskin qoraladi.

“JSST tinch aholi va sog‘liqni saqlash tizimini zudlik bilan faol himoya qilishga chaqiradi. Evakuatsiya buyrug‘i olib tashlanishi kerak. Xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilish kerak, bu sog‘liqni saqlash tizimlari faol himoya qilinishi va har qanday holatda ular hujum nishoniga aylanmasligi kerakligini anglatadi”, — deyiladi JSST bayonotida.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ham havo hujumini qoraladi. “Biz barcha tinch aholini, jumladan, bolalarni va ular tayanadigan infratuzilmani himoya qilishga chaqiramiz. Bizga zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordami zarur”, — dedi YUNISEF.

Hujum ortidan butun Yaqin Sharqda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlandi.

Iordaniya AQSh prezidenti va arab davlatlari rahbarlarining sammitini bekor qildi. Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos avvalroq muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortgandi.

Kasalxona 1882-yilda ochilgan va G‘azo sektoridagi eng qadimgi shifoxona hisoblanadi. Har yili u 45 mingdan ortiq bemorni qabul qiladi.