Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xodimlari Chimkentdagi g‘isht zavodlarida noqonuniy ushlab turilgan va ekspluatatsiya qilingan 60 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosini ozod qildi, deb xabar bermoqda Polisia.kz.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Aqto‘be shahrida yashovchi shaxs politsiyaga murojaat qilib, uning O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ukasi Chimkentdagi g‘isht zavodida mehnat qulligidan qochgani va Olmaotaga yetib kelgani, biroq u o‘sha yerda noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berganidan so‘ng tergov boshlagan.

“Signal olgandan keyin Olmaota Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi va Auezov tuman IIB xodimlari Chimkent shahriga jo‘nab ketishdi, u yerda 1992, 1994 va 1992-yillarda tug‘ilgan uch nafar „ish beruvchi“ qo‘lga olindi”, — deyiladi IIV xabarida.

Ikkita g‘isht zavodi hududini tintuv qilish chog‘ida tezkor xodimlar 60 dan ortiq xorijlik ishchilar borligi, ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum bo‘lgan.

“Sudga qadar o‘tkazilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida zavodga xorijliklar ishga taklif qilingani aniqlandi. So‘ngra hujjatlarni olib qo‘yishgan, oyliklarni bermay, vaqti-vaqti bilan jismoniy zo‘rlik ishlatib, zo‘ravonlik bilan qo‘rqitishgan”, — deya aniqlik kiritdi IIV.

Jabrlanganlarning 25 nafari “Sana sezim” yuridik markazi qaramog‘iga, qolganlari shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi sababli priyomnikka joylashtirildi.

G‘isht zavodlari egalariga nisbatan “Mehnat ekspluatatsiyasi maqsadida qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilish” va “Boshqalarning haq-huquqlarini poymol qilish” moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.