Akfa Group Feed Up Eco fastfud tarmog‘ining 50% ulushini sotib oldi. Bu haqda FeedUp xabar bermoqda.

Kompaniya tomonidan e’lon qilingan suratda FeedUp asoschisi Umid Irgashev va Akfa Group rahbari, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni ko‘rish mumkin.

Endi FeedUp brendi Akfa Group`ning Food and Beverage sektorida ish olib boradi.

FeedUp`ning Akfa Group tarkibiga kirishi brendning keyingi rivojlanish bosqichiga o‘tish imkonini beradi, deyiladi bayonotda. Kelishuv summasiga aniqlik kiritib bo‘lmadi.

FeedUp brendi O‘zbekistonda 2010-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning Toshkent shahrida 10 dan ortiq filiallari mavjud.

Akfa Group O‘zbekistondagi eng yirik kompaniyalardan biri, turli sohalarda faoliyat yuritadi. U Akfa, Artel, Akfa Lighting, Flowers Garden, OCARD ishlab chiqarish korxonalari, Mediapark, Akfa Medline, Hilton Tashkent savdo va servis kompaniyalari, Invento, Artel Technical School, CAU (sobiq Akfa University) va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, KFC Uzbekistan`ning ulushdori hisoblanadi.