O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarining 10−11-sinf o‘quvchilari uchun 4 ta yo‘nalishda tanlov fanlari belgilandi, deb xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova.

Bunda o‘quvchilar quyidagi yo‘nalishlardan birini tanlaydi:

  • matematika-fizika;
  • ona tili-chet tili;
  • kimyo-biologiya;
  • matematika-chet tili.

Hozirda matematika-fizika yo‘nalishida 16 ta, ona tili-chet tili yo‘nalishida 51 ta, kimyo-biologiya yo‘nalishida 40 ta, matematika-chet tili yo‘nalishda 30 ta sinfda o‘quvchilar o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik vakiliga ko‘ra, 2024−2025 o‘quv yilidan o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga qarab yangi yo‘nalishlar tavsiya etilishi rejalashtirilgan.

Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston maktablarida yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqarishini ma’lum qilgandi.

Oliygohga kirishga ishtiyoqi bor bo‘lgan 10−11 sinf o‘quvchilariga kimyo — biologiya, matematika — fizika, matematika — chet til", ona tili va adabiyot — chet tili fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi. Kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi o‘quvchilarga esa maktabning o‘zida tayyor mutaxassis bo‘lib yetishib chiqish imkoniyati yaratiladi, deyilgandi o‘shanda.