13-oktabrdan kuchga kirgan qonunga ko‘ra ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarlarni javobgarlikka tortishi mumkin.

Milliy gvardiya matbuot xizmatining xabar berishicha, ichki ishlar organlari xodimlari hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda ekologik reydlar o‘tkazishni boshlagan.

Bunday reydlar davomida sanitariya va ekologiya sohasidagi huquqbuzarlik va qoidabuzarlar aniqlanmoqda. Shuningdek, chiqindilarni noto‘g‘ri joyga tashlab yuborilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari olib borilib, fuqarolar va tadbirkorlarga sanitariya-ekologik qoidalar va me’yorlar eslatilib, javobgarlik haqida ogohlantirilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar, Madaniyat va turizm, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligini muhofaza qilish xizmati hamkorligida Tozalik qo‘shma loyihasi boshlandi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston shahar va qishloqlaridagi ko‘chalar, bog‘ va xiyobonlar, mahallalarda tozalikka erishishdan iborat, deya ta’kidladi Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Loyiha tashabbuskorlarining maqsadi “vatandoshlar ongiga ko‘chalar tozaligi va o‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘urish madaniyatini shakllantirish hamda ularni duch kelgan joyga chiqindi tashlamaslikka o‘rgatish”, deyiladi xabarda.

“Muntazam ravishda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun milliy qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikni eslatib turamiz va huquqbuzarlarga nisbatan chora-tadbirlar ko‘rilgani haqida ma’lumot beramiz”, — deyiladi Milliy gvardiya matbuot xizmati xabarida.

Sanitariya va ekologiya sohasidagi qoidabuzarliklar, masalan, chiqindini noto‘g‘ri joyga tashlash holatlari haqida SES aloqa markazining 1354 qisqa raqami orqali xabar berish mumkin. Bundan tashqari, Telegram`da sanitariya va ekologiya sohasidagi qoidabuzarliklar haqida foto va video materiallar ilova qilgan holda xabar berish uchun @tozalik_murojaat_bot boti yaratildi.

Bundan tashqari, sanitariya-epidemiologiya xizmatining sanepid.uz saytidagi “Bizga Murojat yo‘llang” bo‘limi orqali ham sanitariya va ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar, masalan, chiqindini noto‘g‘ri joyga tashlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan murojaat yuborish mumkin.