Farg‘ona shahri hayvonot bog‘idagi zebra nobud bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.

Bog‘ direktori holatga izoh berar ekan, jonzot qarib o‘lganini ma’lum qilgan.

U zebralar asosan 10−15 yil umr ko‘rishini ta’kidlab, jonzot 5 yoshida bog‘ga kelgani va bu yerda 7 yil yashab, 12 yil umr ko‘rganini aytgan.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi, viloyat Ekologiya boshqarmasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlar ishtirokida dalolatnomaga asosan zebra jasadini tekshirilib, lobaratoriya tahlil ishlari olib borilmoqda.

“Zebralar 1−1,5 yoshida voyaga yetadi. Qo‘lga o‘rganadi, tutqunlikda ko‘payadi. Vaziyatning qulay kombinatsiyasi bilan, tabiiy sharoitda zebralar 10 yilgacha, asirlikda esa 15 yilgacha yashashi mumkin. Qimmatli terisi uchun ko‘plab ovlanishi tufayli soni keskin kamayib ketgan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning fevral oyida mazkur hayvonot bog‘ida Qozog‘istondan keltirilgan Maksim laqabli jirafa ham nobud bo‘lgandi. U anomal sovuq kunlarda shamollab qolgan. Bunday sovuq sababli boshqa mayda jonzotlar, xususan, qushlar ham nobud bo‘lgan.