O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Samarqandda Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilishida mamlakatlar o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

“Global turizmning eng dolzarb muammosi — bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini ta’minlashdir. Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan nizo va beqaror vaziyatlar soha rivojiga pandemiyadan ham ko‘ra ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda, hozirgi murakkab vaziyatni inobatga olgan holda, xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsadida BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni taklif etdi.

Iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarb ekanini ta’kidlagan prezident tashkilotning “Yashil” turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar" nominatsiyasini ta’sis etishni ham taklif qildi.

Qayd etilishicha, tashkilot ko‘magida yaqinda ish boshlagan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro universiteti hamkorligida Global “yashil” turizm startaplari laboratoriyasini yaratish rejalashtirilmoqda.

“Biz eng yaxshi innovatsion yechimlarni yaratish maqsadida grant mablag‘larini ajratishga tayyormiz. Barcha a’zo davlatlar va xalqaro tashkilotlarni ushbu loyihaga qo‘shilishga taklif etamiz”, — dedi davlat rahbari.

Davlat rahbari, shuningdek, imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida tashkilot doirasida 2025-yilni “Butun jahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Bundan tashqari, u Butunjahon turizm tashkiloti huzurida Sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish taklifini ham bildirdi. Kengashning birinchi yig‘ilishini qadimiy Buxoroda tashkil etishga tayyorligi ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Samarqandda turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasi ochilishini e’lon qildi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston iqtidorli mutaxassislar uchun maxsus grantlarni taqdim etadi va davlatlar vakillarini bu dasturda faol ishtirok etishga chaqiradi.

O‘zbekiston prezidenti tashkilot bilan yaqin hamkorlikda Jahon yoshlar turizmi sammitini Toshkentda o‘tkazish haqidagi tashabbusni ham ilgari surdi.

Shu bilan birga, “Ipak yo‘li” brendini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun tashkilotning maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish taklifini bildirdi.

“Ushbu rejani amalga oshirishda biz bugun Butunjahon turizm tashkiloti bilan hamkorlikda ochgan „Ipak yo‘lida turizm“ tematik ofisi faol shug‘ullanishi mumkin, deb hisoblaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, yetakchi ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va eng yaxshi sayohat blogerlarini o‘zida birlashtiradigan Global media kampusinini tashkil etish g‘oyasi o‘rtaga tashlandi.

“Bunday media forumlarni har ikki yilda bir marta Tashkilot Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyalari doirasida o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Birinchi media kampusni yurtimizda qabul qilishga tayyormiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.