16-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyuradi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Prezident BMT tizimidagi ushbu yetakchi tuzilmaning bosh sammiti ochilishida nutq so‘zlaydi.

Tashrif dasturi doirasida, shuningdek, YUNVTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashuv o‘tkazish hamda turizm ko‘rgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, YUNVTO turizm sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilot bo‘lib, BMT tizimining ixtisoslashgan hukumatlararo muassasasi sifatida faoliyat yuritadi. Tashkilot 158 ishtirokchi davlat, 6 assotsiatsiyalashgan mintaqa, kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan 2 ta mintaqa va 500 dan ortiq bo‘linmali tashkilotlarni birlashtiradi.

O‘zbekiston 1993-yil 4-oktabrdan buyon tashkilot a’zosi hisoblanadi. 2021-yil 2-dekabr kuni Madridda bo‘lib o‘tgan Bosh assambleyaning 24-sessiyasida ovoz berish orqali Samarqand shahri Portugaliya va Misr mamlakatlari bilan raqobatda g‘olib bo‘lgan va uning 2023-yildagi navbatdagi sessiyasi o‘tkaziladigan joy etib saylangan.