Gruziya Konstitutsiyaviy sudi (KS) prezident Salome Zurabishvilini hukumat roziligisiz xorijga chiqib, mamlakat konstitutsiyasini buzgan deb topdi, deya xabar bermoqda Gruziya Birinchi kanali. Mazkur qaror parlamentga davlat rahbariga nisbatan impichment jarayonini boshlash imkonini beradi.

Ishni to‘qqiz nafar sudya ko‘rib chiqdi va qarorni olti nafari qo‘llab-quvvatladi. Sud Zurabishvilining avgust va sentabr oylarida qator Yevropa davlatlariga qilgan safarlari Gruziya konstitutsiyasining 52-moddasiga zid, deb topdi. Mazkur moddaga ko‘ra, prezident tashqi siyosat bilan bog‘liq vakillik vakolatlarini hukumat roziligi bilan amalga oshiradi.

Endi Konstitutsiyaviy sud qarori parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Prezidentni lavozimidan chetlashtirish uchun 100 nafar parlament a’zosining ovozi zarur. Impichment tashabbusi bilan chiqqan hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi parlamentda 84 o‘ringa ega bo‘lib, muxolifat qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi.

Muxolifatning aksariyati prezidentning impichmentiga qarshi va bunday tartibning boshlanishini “„Gruziya orzusi“ tomonidan Gruziyaning Yevropa integratsiyasiga qarshi sabotaji” deb atamoqda, deya yozdi VVS Rus xizmati.

Salome Zurabishvili 2018-yilning dekabrida Gruziya prezidenti bo‘lgan. Rasmiy ravishda u mustaqil nomzod sifatida ko‘rsatilgan, ammo uni “Gruziya orzusi” qo‘llab-quvvatlagan. Keyinchalik, davlat rahbari va hukmron partiya o‘rtasidagi munosabatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Moskva bilan munosabatlardagi kelishmovchiliklar fonida yomonlasha boshladi, deb yozadi Deutsche Welle.