BMT tinchlikparvar kuchlarining Livandagi shtab-kvartirasi o‘qqa tutildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida qurbon bo‘lganlar yo‘q. Snaryad Isroil harbiylari tomonidan otilganmi yoki Livan harbiylari tomonidanmi, bu hozircha noma’lum.

Isroil hukumati G‘azo sektori bilan chegaradosh shaharlardan tinch aholini evakuatsiya qilish ishlari deyarli yakunlanganini ma’lum qildi. Hozirgacha 60 ming kishi evakuatsiya qilingan.

HAMAS vakillari AQSh senatorlari delegatsiyasi matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan vaqtda Isroilning Tel-Aviv shahriga raketalar uchirdi. Ishtirokchilar havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar to‘xtaguncha bombapanohlarda kutishga majbur bo‘lgani sababli tadbir kechiktirildi.

G‘azo sektoridagi falastinliklar Isroil ichimlik suvi ta’minotini tiklaganini rad etdi. Yakshanba kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Isroil hukumati G‘azo sektori janubiga suv yetkazib berishni tiklashga rozi bo‘lganini ta’kidlagandi.

“Isroillik hamkasblarim bilan so‘nggi bir soat ichida aloqada bo‘ldim. Ular menga G‘azo sektorining janubiy qismiga suv ta’minotini deyarli tiklaganliklarini ma’lum qildi”, — degandi u CNN telekanali efirida. Isroil energetika va suv vaziri Israel Kats esa o‘z bayonotida G‘azodagi “ma’lum bir nuqtalarda” suv ta’minoti qayta tiklanganini aytgan, ammo qo‘shimcha ma’lumot bermagan.

The New York Times Isroil mudofaa kuchlaridagi manbalariga tayanib, G‘azo sektoridagi quruqlik operatsiyasi noqulay ob-havo sharoiti tufayli keyinga qoldirilgani haqida xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlarining qayd etishicha, kutilayotgan bulutli ob-havo isroillik uchuvchilar va dron operatorlarining quruqlikdagi kuchlarni havodan qo‘llab-quvvatlashiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Quruqlikdagi operatsiyada o‘n minglab harbiylar, shuningdek, aviatsiya va artilleriya himoyasi ostida tanklar, sapyorlar va maxsus kuchlar ishtirok etishi kutilmoqda. Amaliyotdan maqsad G‘azo shahrini qo‘lga kiritish va G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMAS harakatining yuqori siyosiy va harbiy rahbariyatini yo‘q qilish hisoblanadi.

Isroil mudofaa kuchlari 14-oktabr kuniyoq Isroil armiyasi quruqlikdagi operatsiyaga tayyorligini ma’lum qilgandi. Bundan oldin esa Isroil harbiylari G‘azo aholisiga hudud janubiga ko‘chib o‘tishni so‘ragan. HAMAS esa bunga javoban G‘azo aholisini Isroil armiyasining bayonotiga e’tibor bermaslikka chaqirgan.

Reuters va Bloomberg o‘z manbalariga tayanib Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishni to‘xtatgani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni rasmiylari Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvni tayyorlashda muzokaralarni keyinga qoldirgan.

Rasmiy Ar-Riyod bu qadamni diplomatik muzokaralarning yakuni sifatida emas, balki pauza sifatida baholagan va normallashtirish bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlovchi AQSh rasmiylariga o‘z pozitsiyasini yetkazgan. Saudiya Arabistoni hukumati bu bo‘yicha jurnalistlarning so‘rovlariga javob bermagan.

Normallashtirish kelishuvi Saudiya Arabistoni Isroilni tan olishini va u bilan diplomatik va savdo aloqalarini boshlashini nazarda tutadi. Bunga javoban Saudiya Arabistoni Isroildan falastinliklarga yon berishini, AQSh esa xavfsizlik kafolatlari va yadro dasturida yordam berishini istaydi, deb yozgandi The Wall Street Journal avgust oyida.

G‘arb matbuoti Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuv Yaqin Sharqdagi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng muhim tinchlik kelishuvi ekanini ta’kidlamoqda.

Isroil Mudofaa armiyasi rasmiy vakili Daniel Xagari tashkilot G‘azo sektori shimolini tark etayotgan qochqinlarni olib ketayotgan mashinalarga zarba berilgani haqidagi xabarlarni “yolg‘on” deb atadi.

Avvalroq G‘azoda Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil Mudofaa armiyasi 13-oktabr kuni hududdagi asosiy magistralga havo hujumi uyushtirgani, oqibatda o‘nlab odamlar halok bo‘lgani va 200 dan ortiq kishi jarohatlangani haqida xabar bergandi. Internetda hujum oqibatlari aks etgan videolar tarqaldi.

Axios nashri agar Isroil G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani boshlasa, Eron vaziyatga aralashish bilan tahdid qilgani haqida yozdi.

Nashr o‘zining diplomatik manbalarga tayanib yozishicha, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan Eron rasmiylari HAMAS va Isroil o‘rtasidagi vaziyat yanada keskinlashishini istamasligini, biroq Isroil armiyasi G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani boshlasa, vaziyatga aralashishga majbur bo‘lishini aytgan. Vazir bu haqda 14-oktabr kuni Bayrutda BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus koordinatori Tor Vennesland bilan uchrashuvda gapirgan.

BMT orqali Isroilga yo‘llagan murojaatida vazir Tehron mojaroning mintaqaviy urushga aylanib ketishini istamasligi va G‘azo sektorida HAMAS jangarilari tomonidan garovga olingan tinch aholini ozod qilishga yordam berishga harakat qilishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u Eronning o‘z qizil chiziqlari borligini va agar Isroil armiyasi G‘azoda quruqlikdan hujum qilish haqidagi va’dasini bajarsa, Tehron bunga javob berishga majbur bo‘lishini qayd etgan.

BMT koordinatori allaqachon Eron xabarini Isroil rasmiylariga yetkazgan. Isroil bosh vaziri devoni bunga izoh berishdan bosh tortgan.

HAMAS Rossiya prezidenti Vladimir Putinga “tajovuz va G‘azo blokadasiga qarshi pozitsiyasi”, shuningdek, “Rossiyaning sionistik agressiyani to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlari” uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda tashkilotning 14-oktabrga kuni tarqatgan bayonotiga tayanib, Meduza xabar berdi.

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov platforma rahbariyati nega Isroilga hujum qilgan HAMAS guruhining kanalini o‘chirib tashlamayotganiga izoh berdi.

“Telegram moderatorlari va sun’iy intellekt vositalari har kuni bizning ommaviy platformamizdan millionlab zararli materiallarni o‘chirib tashlaydi. Biroq urushni yoritish muammosini hal qilish kamdan-kam hollarda aniq, ravshan bo‘ladi. Shu hafta boshida HAMAS Ashkelonga raketa hujumlari oldidan tinch aholini hududni tark etishlari haqida ogohlantirish uchun Telegram`dan foydalandi. Ushbu kanalni o‘chirib yuborish insonlar hayotini saqlab qolishga yordam beradimi yoki ularni xavf ostiga qo‘yadimi?” — deb yozgan Durov.

Uning ta’kidlashicha, bunday murakkab vaziyatlar “ijtimoiy platformalar o‘rtasidagi farqlarni ham hisobga olish kerak bo‘lgan ehtiyotkor harakatlarni talab qiladi”.

“Dahshatli kontentni hech narsaga shubha qilmaydigan odamlarga algoritmli tarzda ilgari suradigan boshqa mobil dasturlardan farqli o‘laroq, Telegram`da foydalanuvchilar faqat o‘zlari obuna bo‘lgan kontentni qabul qiladi. Shuning uchun Telegram kanallaridan propagandani sezilarli darajada kuchaytirish uchun foydalanish imkonli bo‘lmasa kerak. Aksincha, ular tadqiqotchilar, jurnalistlar va faktchekerlar uchun birinchi qo‘l ma’lumotlarning noyob manbai bo‘lib xizmat qiladi. Garchi bu ma’lumot manbasini yo‘q qilish biz uchun oson bo‘lsa-da, qiyin vaziyatni yanada og‘irlashtirishimiz xavfi bor”, — deya qo‘shimcha qilgan Durov.

Human Rights Watch Isroil harbiylari G‘azo va Livanda oq fosforli o‘q-dorilardan foydalanganini ma’lum qildi.

Tashkilot 10 va 11-oktabr kunlari bunday o‘q-dorilar qo‘llanganini tasdiqlovchi videoyozuvlarga tayanib xabar bergan. Kadrlarda G‘azo shahri porti va Isroil-Livan chegarasidagi ikkita aholi yashash punkti ustidan artilleriya qurollaridan otilgan oq fosforning chaqnashlari aks etgan, deyiladi bayonotda.

Oq fosfor kuchli kuyishga olib kelishi, shuningdek, inson salomatligiga uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin. U kimyoviy qurol hisoblanmaydi, chunki asosan zaxarlash orqali emas, balki issiqlik va olov orqali zarar yetkazadi, deya qayd etgan tashkilot.

Oq fosfor nafaqat yondiruvchi qurol sifatida, balki qo‘shinlar harakatini niqoblovchi va infraqizil optikaga xalaqit beruvchi tutun qoplamini yaratish uchun ham qo‘llanadi.

Isroil Mudofaa armiyasi oq fosforli snaryadlardan 2008−2009-yillardagi operatsiyasi paytida foydalangan. O‘shanda Isroil Tashqi ishlar vazirligi ulardan aynan tutun qoplami yaratish uchun foydalanilgani haqida xabar bergandi. Biroq Human Rights Watch`ga ko‘ra, o‘shanda huquq himoyachilari G‘azo sektoridagi tinch aholi jabrlanganini qayd etgan.

Shundan so‘ng — 2013-yilda Isroil harbiylari mamlakat Oliy sudiga “ikki nozik vaziyatdan” tashqari boshqa holatlarda aholi yashash punktlarida oq fosfordan foydalanmasligini ma’lum qilgandi. “Ikki nozik vaziyat” aynan qanday vaziyatlar ekani haqida ma’lumot berilmagan.

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS hujumlari oqibatida halok bo‘lgan isroilliklar soni 1400 nafardan oshdi, 2,5 mingga yaqin odam yaralangan.

Isroil zarbalari tufayli G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 2670 kishiga yetdi, kamida 9600 kishi jarohatlangan. Isroil harbiylari G‘azo sektorini o‘qqa tutganidan keyin mingdan ortiq odam bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.