AQSh prezidenti Jo Bayden Amerikaning CBS telekanaliga bergan intervyusida Falastinning HAMAS guruhi butunlay yo‘q qilinishi kerakligini, biroq G‘azo sektorining Isroil tomonidan bosib olinishiga qarshi ekanini aytdi.

Suhbat davomida jurnalist Baydendan Falastin-Isroil mojarosining hozirgi bosqichida Isroilning G‘azo sektorini bosib olishini qo‘llab-quvvatlaysizmi, deb so‘radi.

“Bu katta xato bo‘lardi. G‘azoda sodir bo‘lgan voqealar, nazarimda, HAMAS bilan bog‘liq va HAMAS radikallari butun Falastin xalqini ifodalamaydi. Va, menimcha, Isroil uchun yana G‘azoni bosib olish xato bo‘ladi. Ammo ichkariga kirib, ekstremistlarni qo‘lga olish kerak…”, -deb javob berdi AQSh prezidenti.

Bayden HAMASni butunlay yo‘q qilish kerak deb hisoblaydimi, degan aniqlashtiruvchi savolga u ijobiy javob berdi.

“Ha, shunday deb o‘ylayman. Lekin Falastin hokimiyati bo‘lishi kerak. Falastin davlatining mavjud bo‘lishi uchun yo‘l bo‘lishi kerak”, — dedi u va gap ikki davlat bo‘lishini ko‘zda tutuvchi yechim haqida ketayotganiga oydinlik kiritdi.

“Isroil Xolokost kabi jiddiy oqibatlarga olib keladigan varvarlikka aloqador bir guruh odamlarni ta’qib qilmoqda. Va shuning uchun men Isroil javob berishi kerakligiga ishonaman… HAMAS — bir to‘da qo‘rqoqlar. Ular tinch aholi ortiga yashiringan”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Shu bilan birga, Bayden Isroil urush qoidalariga amal qilishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, uning ma’muriyati hozirda Isroil va Misr hukumati bilan G‘azodan tinch aholini olib chiqish uchun gumanitar yo‘lak tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini bildirdi.

Baydenning bayonotlariga javoban Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan, Isroil G‘azoni bosib olishdan manfaatdor emasligini ta’kidladi.

“G‘azoni bosib olishdan yoki G‘azoda qolishdan manfaatdor emasmiz, lekin biz omon qolish uchun kurashayotganimiz sababli va prezident Baydenning o‘zi ta’kidlaganidek, yagona yo‘l — HAMASni yo‘q qilish, biz ularning kuch va mablag‘larini yo‘q qilish uchun hamma narsani qilishimiz kerak”, — deya ta’kidladi Isroil elchisi CNN telekanalida.

Isroilning AQShdagi elchisi Maykl Gersog ham CNN telekanaliga uning mamlakati mojaro tugaganidan keyin G‘azo sektorini bosib olish niyati yo‘qligini va “ikki milliondan ortiq falastinliklarning hayotini boshqarishni istamasligini” aytdi.

Isroil va G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMAS guruhi o‘rtasidagi janglar bir haftadan ortiq vaqtdan buyon davom etmoqda. Mojaro 7-oktabr kuni HAMAS jangarilari Isroil hududiga minglab raketalarni otib, mamlakatning chegara hududlariga bostirib kirishi bilan yana avj oldi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 1400 dan ortiq kishi, jumladan, xorij fuqarolari hujum qurboni bo‘lgan, 200 ga yaqin odam esa garovga olingan.

Isroil bunga javoban G‘azo sektoriga havo hujumlari uyushtirdi va mamlakat rasmiylari HAMASga qarshi rasman urush e’lon qildi. Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bombalar portlashi oqibatida anklavda 2670 kishi halok bo‘lgan, yana 9600 kishi jarohatlangan.

9-oktabrdan beri G‘azo sektori Isroil tomonidan to‘liq blokadada. U yerda oziq-ovqat, gaz va energiya yetkazib berish to‘xtatilgan. Isroil rasmiylari HAMAS garovga olinganlarni ozod qilmaguncha blokada tugamasligini ma’lum qildi.

14-oktabr kuni Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani boshlashga tayyorlanayotganini bildirdi. Operatsiyadan maqsad G‘azo shahrini qo‘lga kiritish va HAMASning oliy siyosiy va harbiy rahbariyatini yo‘q qilishdir, deb yozdi The New York Times.

Bosqindan oldin Isroil harbiylari g‘azoliklarni janubiy hududga evakuatsiya qilishga chaqirdi va buning uchun ularga 24 soat vaqt berdi. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 15-oktabrgacha yarim millionga yaqin odam shimoliy sektorni tark etgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hukumatiga G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini kiritish, HAMASdan esa anklavdagi garovga olinganlarni ozod etish talabi bilan murojaat qildi.