13-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Spark rusumli avtomashina haydovchisi piyodalar o‘tish joyida keksa ayolni urib yuborgani aks etgan video tarqaldi.

Kadrlarda Spark haydovchisining tezlikni oshirib, uchinchi qatorga o‘tish yo‘lini o‘zgartirayotgani, shu payt ayolning yo‘lga chiqib, mediana tomon yugurgani ko‘rsatilgan.

Poytaxt IIB “Gazeta.uz” so‘roviga javoban, to‘qnashuv taxminan soat 8:50 da Toshkentning Yunusobod tumanida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

“Yo‘l-transport hodisasi natijasida 1953-yilda tug‘ilgan ayol tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizildi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Toshkent IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi xodimlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.