O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning holati qanaqa? Zo‘ravon qayta jinoyat sodir etmasligi, yana boshqa bolalarga ziyon yetkazmasligi uchun nimalar qilinmoqda va qinilishi kerak? Jabr ko‘rgan, jinoyatga guvoh bo‘lib, ruhiyatiga zarar yetgan bolalarga qanday yordamlar ko‘rsatilishi kerak?

Mazkur savollarga Bosh prokuratura Voyaga yetmaganlarga nisbatan qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish masalalari bo‘yicha katta prokurori Laylo Fayzimurodova “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi taqdimoti davomida so‘zlab berdi. Bu haqda davra suhbatida qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri ma’lum qildi.

Zo‘ravonlik vaqtida bolalar atrofdagilarga qanday munosabatda bo‘ladi?

bolalarga zo‘ravonlik, yunisef

Prokuror zo‘ravonlik sodir etilayotgan vaqtda bolalar atrofdagilarga qanday munosabatda bo‘lishini tushuntirib o‘tdi:

  • 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qo‘rquv bo‘lmaydi, aksincha катtaларга nisbatan ishonch bo‘ladi.
  • 7−15 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ishonch bilan birga itoatkorlik hissi kuchayadi. Itoatkorlik deganda, ular oiladagi yoki muassasadagi zo‘ravonlikka itoat hissi bilan qaraydi. “Men kattalar aytganini qilishim kerak. Agarda qilmasam, natijada mana bu omillar ta’siri bo‘ladi”, deydi-da, ishonch bilan birga itoatkorlik hissi uyg‘onishi natijasida jabrlanadi.
  • 16−18 yosh bolalarda qo‘rquv hissi qo‘shiladi. Qo‘rquv nimada? Uning shaxsiy ma’lumotlari tarqalishida, shaxsiy chegaralari buzilishida, uning shaxsiy hayoti ommaga yoki oilada oshkor bo‘lishida. Yuqoridagilarga qo‘shimcha sifatida uni qo‘rquv qamrab oladi. Tahlillarga ko‘ra, natijada bu toifa bolalar nafaqat jinoyat ishlarida, balki huquqbuzarlikka oid ishlarda ham o‘zidan o‘tkazayotgan his-hayajoni jabrlanishiga juda katta sabab bo‘lgan.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni ko‘proq kimlar sodir etmoqda?

Laylo Fayzimurodova shuningdek, O‘zbekistonda bolalarga nisbatan (ma'lum bo‘lgan) zo‘ravonlik qiluvchilarning toifasiga ham to‘xtalib o‘tdi:

78 foiz holatda — begonalar tomonidan sodir etiladi.

14 foizini ota-onalar yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxslar — vasiy, homiy, farzandlikka olgan shaxslar zo‘ravonga aylangan.

6 foizini qarindoshlar — ota-onasi ichki, tashqi migratsiyaga ketib, qonun doirasida vasiy-homiy tayinlanmaydigan yoki notarial tartibda bola huquqlarini himoya qilish qonun doirasida bajarib ketilmagan tarzda bobo-buvilari qo‘lida qolgan va jabr ko‘rganlar.

2 foizini ta’lim muassasalari — umumiy o‘rta ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, maktabgacha ta’lim, ixtisoslashtirilgan muassasalarda bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonliklar tashkil etadi.

Aynan jabrlangan bolalarning statistik ma’lumotlari yo‘q

Bundan tashqari, Bosh prokuratura, IIV, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bolalar ombudsmani, hattoki FVV, YUNISEF hamkorligida bolalarni himoya qilish bo‘yicha idoralararo yo‘riqnoma shakli ishlab chiqilgani aytildi.

Prokurorning ta’kidlashicha, ushbu yo‘riqnoma hamma tarqoq idoralar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini tashkil qilish va tezkor choralarni ko‘rishga yordam beradi.

“Bizda hech qayerda jabrlanuvchi bolalarning statistik ma’lumotlari yo‘q, biz asosan o‘sha huquqbuzarlik, jinoyat sodir qilgan shaxsning ma’lumotlariga egamiz. Jabrlanuvchilarning statistik ma’lumotlarini olishda juda ham qiynalamiz. Bunda hamkorlik doirasi aynan jabrlanuvchilar toifasini aniqlash, tezlikda harakat qilish va axborotlar almashinuviga olib keladi. Mazkur yo‘riqnomada nafaqat zo‘ravonlik masalasi, balki o‘sha favqulodda vaziyatda bolani himoya qilish — sog‘lig‘ini saqlash, ta’limga jalb qilish, poymol etilgan huquqini tiklash kabilar belgilangan”, — dedi Laylo Fayzimurodova.

Nafaqat jabrlangan, balki unga guvoh bo‘lgan bolalar bilan ham ishlash kerak

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda faqat jinoyat va huquqbuzarlikdan jabr ko‘rgan bolalargina inobatga olinadi. Lekin, zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalar bilan birga ish (psixologik suhbat nazarda tutilmoqda — tahr.) olib borilmaydi.

“Biz jinoyat va huquqbuzarlikdan jabr ko‘rgan bolalarni inobatga olamizu, lekin yana bir kontingent bolalarni chetda qoldiramiz. Bu — voqeaga guvoh bolalar, — deya so‘zida davom etdi Laylo Fayzimurodova. — Zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalar juda katta ahamiyatga ega. Ular bilan ham jabr ko‘rgan bolalar bilan teng holatda ishlash kerak. Sababi, agar bola jinsiy, jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik ta’sirida jabrlangan bo‘lsa, guvoh bolalarda ruhiy zo‘ravonlik juda kuchli bo‘ladi. Natijada guvoh bolalar kelajakda o‘zidagi qo‘rquvdan kelib chiqib, kelajakda „men ham shuning qurboni bo‘lishim mumkin“ degan tushunchaga kelib qoladi”.

Mutaxassisning aytishicha, guvoh bola tengdoshlari orasidagi “bulling” yoki oiladagi zo‘ravonlik holatiga qo‘shilib qolishdan, keyingi jabrlanuvchi u bo‘lishidan qo‘rqadi va uning keyingi hayotiga bu juda katta [salbiy] ta’sir qiladi. Bunday bolada o‘z-o‘zidan yordam berish instinkti yo‘qoladi. Chunki, u biladiki, kelajakda buning natijasida jabrlanadi.

“Yo‘riqnomada aynan mana shu guvohlar masalasi, ular bilan qanday ishlash masalasi ham ko‘rilgan. Bu yerda aynan idoralararo signal varaqasini joriy etib, nafaqat bolaning muammosini hal qilish, balki uning oiladagi muhitini to‘g‘rilash masalasi ko‘rsatilgan. Bu taklif taqdim etilib, hozirgi kunda ko‘rib chiqilmoqda va u tasdiqlansa juda xursand bo‘lardik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Zo‘ravon ushbu jinoyatni qayta sodir etmasligi juda muhim

bolalarga zo‘ravonlik, yunisef

“Hech bir zo‘ravon chetda qolib ketmay, u bilan birga ishlanadi. Natijada kelajakda o‘sha zo‘ravon tomonidan boshqa shaxsga, bolaga nisbatan jinoyat sodir etmasligi katta ahamiyatga ega. “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinsa, 14 mln nafardan ortiq bolaning kafolatlarini himoya qilgan bo‘lamiz”, — deydi prokuror.

Bundan tashqari, qonun loyihasida voyaga yetmaganlarga nisbatan jamoat tarbiyachisini tayinlash (tyutor, mentor) masalasi ham ko‘tarilgani aytildi. Unda xalqaro standartlar o‘rganilgan.

“Jinoyat protsessual kodeksinining 363-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganga nisbatan majburlov chora sifatida jamoat tarbiyachisi biriktirilishi belgilangan bo‘lsa, biz bu yerda bosh prokurorimiz tashabbusi bilan faqat jinoyat sodir qilgan bolani emas, uning jinoyat sodir qilishidan oldingi holatini himoya qilishimiz kerak. Zo‘ravonga birinchi kim duch keladi? Birinchi navbatda nazoratsiz, qarovsiz qolgan bola duch keladi. Ikkinchi navbatda, oilasi tushunmayotgan, biz aytayotgan xavf toifasidagi bola hisoblanadi”, — dedi Laylo Fayzimurodova.

“Hozirgi kunda respublika bo‘yicha 2200 nafar bolaga jamoat tarbiyachisi tayinlangan. Jamoat tarbiyachisi kim? Bu — shaxs kamida bola bilan 2 yil shug‘ullangan 30 yoshdan yuqori, bolaga ibrat bo‘la oladigan odam bo‘lishi kerak. Shuning hisobidan uning xulq-atvorida o‘zgarish bo‘lganida individual yondoshib, uning psixologik portretini tuzib, uning muammolarini aniqlab, hal qilishi va uni kelajakda zo‘ravonlik qurboni bo‘lmasligiga yordam beruvchi shaxs bo‘lishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Katta prokuror mamlakatdagi birorta qonunda aynan bolaga nisbatan zo‘ravonlik shakllari belgilanmagani, bu qonun bilan esa shakllari ham belgilanishini aytib o‘tdi.

“Xursandmizki, bironta qonunda aynan qiz bola yoki o‘g‘il bola ajratilmagan. Sababi, zo‘ravonlikda uning jinsiga qaralmaydi, har bir foizda faqat bola yoshiga qaraladi. Shuni hisobga olib, umumiy „bola“ degan so‘zining o‘zi juda muhim ahamiyatga ega”, — dedi Laylo Fayzimurodova.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shaxnoza Mirziyoyeva O‘zbekistonda 9 oy davomida bolalarga nisbatan 1240 ta zo‘ravonlik holati qayd etilgani, oqibatda 22 bola halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.