17-avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi svetoforda turgan boshqa mashinaga kelib urilgan Equinox haydovchisiga nisbatan jarima jazosi tayinlandi. “Gazeta.uz” sud qarori tafsilotlarini o‘rgandi.

Yo‘l-transport hodisasi 16-iyul kuni Ko‘kcha darvoza va Saqichmon ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgani haqida avval yozgan edik. Equinox avtomashinasini 18 yoshli M.R (2005-yilda tug‘ilgan) boshqargan. Haydovchi mashina harakatlanayotgan vaqtda bir qo‘li bilan rulni ushlab, ikkinchi qo‘li bilan telefon kamerasiga video suratga olib ketayotganda svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan Nexia-3 avtomashinasiga borib urilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu baxtsiz hodisa aks etgan video tarqaldi.

Sud-tibbiy ekspertizasi Nexia-3 haydovchisi va yo‘lovchisi (1990 va 1986-yillarda tug‘ilgan) “sog‘lig‘ining qisqa muddatga yomonlashishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohatlari” olganini ko‘rsatdi.

Ish materiallariga ko‘ra, Equinox haydovchisi haydovchilik guvohnomasi yoki ishonchnomasiz avtomobilni boshqargan. Akasining mashinasini boshqargan Nexia-3 haydovchisida ham haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan.

Sud jarayonida Equinox egasi A.R.ning ma’lum qilishicha, 16-iyul kuni u nabirasidan avtomashinaga yonilg‘i quyib kelishni so‘ragan, biroq uning e’tiborsizligi tufayli baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Sud M.R.ni 135-moddasi 2-qismi (Transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi) va 133-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi) Ikkita huquqbuzarlik uchun sudya BHMning 5 baravari (1,65 million so‘m) miqdorida jarima belgiladi.

Shuningdek, sud undan jabrlanuvchining mashinasiga yetkazilgan zarar uchun 25 million so‘m undirishga qaror qildi.

Shu bilan birga, Equinox egasi A.R.ga 135-moddaning 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun BHMning 5 baravari (1,65 million so‘m) miqdorida jarima solingan.

Nexia-3 avtomashinasini boshqarib ketayotgan jabrlanuvchi U.D.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 2-qismi bilan haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagani uchun xuddi Equinox haydovchisiga belgilangan jarima (1 million 650 ming so‘m) jazosi tayinlandi. Uning akasi O.D.ga ham avtomashina boshqaruvini guvohnomasiz bo‘lgan U.D.ga topshirgani uchun BHMning 5 baravari miqdorida jarima solingan.

Sud qarorida Equinox tezligi haqida ma’lumot yo‘q, shuningdek, rulda telefondan foydalanib, videoga olgan haydovchining harakatlariga baho berilmagan.