Bosh vazir Abdulla Aripovning 10-oktabrdagi qarori bilan Toshkent metropolitenidan foydalanishning yangilangan qoidalari tasdiqlandi, deb xabar berdi Adliya vazirligi “Gazeta.uz”ga.

Eski metropolitendan foydalanish qoidalari ichki hujjat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular “Transport to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlab qo‘yildi.

Qoidalarda “stansiya platformasi”, “chipta”, “yo‘lovchi”, “tekshiruv”, “yuk” va boshqa tushunchalarga izoh berilgan.

Hujjat bilan metropolitendagi xavfsizlik talablari to‘ldirilgan va aniqlashtirilgan. Ilgari yo‘lovchilar qo‘l yuki va bagajini, shu jumladan qadoqlangan yoki muhrlangan qutilar va boshqa narsalarni ko‘zdan kechirish uchun erkin taqdim etishlari, shuningdek, metropoliten xavfsizlik xizmati yoki ichki ishlar xodimlarining birinchi iltimosiga ko‘ra shaxsiy tintuvlarga xalaqit bermasliklari shart edi.

Endilikda qoidalarda yo‘lovchilar va boshqalar o‘z yuklarini ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabi asosida ko‘rikdan o‘tkazishlari shartligi belgilandi. Shu bilan birga, qidiruvdagi shaxslar deb gumon qilingan yoki ko‘zdan kechirish jarayonida o‘zini shubhali tutayotgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda shaxsiy ko‘zdan kechirilishi mumkin.

Yo‘lovchilar va boshqa shaxslar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga asosan ko‘zdan kechirishdan o‘tishni rad etgan taqdirda, metropolitenga kiritilmacligi belgilandi.

Metropoliten infratuzilmasi obyektlari va xavfsizlik hududlarida quyidagilar taqiqlanadi:

  • yonuvchan, portlovchi moddalardan va bosim ostida ishlovchi qurilmalardan foydalanishni talab etadigan barcha faoliyat turlari bilan shug‘ullanish va shu bilan bog‘liq ko‘ngilochar shoxobchalarni qurish hamda tashkil etish;
  • metropoliten inshootlaridan, shu jumladan, yer usti shamollatish qurilmalaridan 25 metrdan kam masofada chiqindilarni to‘plash, yoqish va gulxanlar tashkil etish;
  • gaz yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalari (avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi bilan jihozlangan, estakada inshootlari ostidagi maxsus ochiq avtoturargohlar bundan mustasno) va yonuvchi materiallar ortilgan transport vositalarini estakada inshootlari ostiga (avtoturargohlarga) joylashtirish.

Metropolitenda quyidagilarga ruxsat etilmaydi:

  • parapetlar, to‘siqlar ustiga chiqish, shuningdek, ular ustidan sakrab (oshib) o‘tish;
  • spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning muqobillarini iste’mol qilish yoki mast xolda kirish;
  • qizdiriladigan tamaki, elektron sigaretalar va nosvoy chekish;
  • metropoliten hududida va vagonlarda ochiq olov, pirotexnika vositalaridan (feyerverklar, petardalar va boshqalar) foydalanish;
  • metropoliten hududida oyoq kiyimsiz va kiyimsiz holda bo‘lish;
  • bekatga yo‘lovchilarning kiyimi, metropoliten vagonlari, inshootlari va qurilmalarini kir qilishi mumkin bo‘lgan yuklar va buyumlar, shuningdek, velosiped (yig‘iladigandan tashqari), moped, skuter va boshqa harakatlanish vositalari (ushbu Qoidalarning 16-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan buyumlar bundan mustasno) bilan kirish;
  • bekat va harakat tarkibi vagonlarida yo‘lovchilarning kiyimini kir qilishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish;
  • yonuvchan gazlar bilan to‘ldirilgan sharlarni metropolitenga olib kirish;
  • bekat, uning hududida va bekatga tutashgan yerosti o‘tish yo‘laklarida mototsikl va skuterlarda harakatlanish, uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish;
  • bekat hududida, vagonlarda akrobatik va sport mashqlarini bajarish, har xil turdagi sport to‘plarini o‘ynash;
  • xizmat ko‘rsatish (texnik) xonalarida va maxsus obyektlarda video va foto suratga olish;
  • yo‘lovchilarga bekatdagi poyezd yo‘llariga tushish, texnologik xonalar va tunnellarga kirish, vagonlar tomiga chiqish va yurish, vagonlar orasiga va poyezdlarning boshqa qismlariga chiqish, mashinistlar kabinalariga kirish;
  • yo‘lovchilarga metropoliten obyektlariga, devor (panjara) bilan o‘ralgan va ishlab chiqarish hududlariga ruxsatsiz kirish;
  • vagonlarning o‘rindiqlariga bolalarni kir oyoq kiyimi bilan qo‘yish va hajmi katta yuklarni joylashtirish;
  • vagonlarning harakatlanish va to‘xtash vaqtida eshiklarini ochish, bekatlarda ularning ochilishiga yoki yopilishiga xalaqit berish, vagonlarning derazalaridan tana a’zolarini chiqarish, buyumlar va chiqindilarni tashlash;
  • metropoliten infratuzilmasi obyektlariga va poyezdlarga zarar yetkazish;
  • metropoliten infratuzilmasi obyektlarida xamda harakat tarkibining tashqi (ichki) yuzalariga yozuvlar, rasmlar, axborot xamda reklama materiallarini metropoliten rahbariyati bilan kelishmagan holda joylashtirish;
  • bekat platformalari va vagonlarda savdo-sotiqni amalga oshirish;
  • metropoliten faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etish yoki ularni amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko‘rish, shu jumladan, yo‘lovchilarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf soladigan holatlar yoxud harakatlar to‘g‘risida bila turib yolg‘on xabarlarni tarqatish;
  • sanchiluvchi, kesuvchi va oson sinuvchi buyumlarni, chana, chang‘i, konkilar va baliq ovi uchun qarmoqlarni g‘ilofsiz olib yurish;
  • poyezd bekatga kelib to‘xtagan vaqtdan tashqari vaqtlarda bekatdagi taqiqlangan chegara chizig‘idan o‘tish;
  • eskalatorlar ishlashiga to‘sqinlik qiladigan harakatlarni amalga oshirish, ularga o‘tirish va yuk kuyish.

Metropolitenda quyidagilarni tashish taqiqlanadi:

  • tegishli ruxsatnomasiz barcha turdagi o‘qotar va tig‘li qurollar;
  • tegishli ruxsatnomasiz barcha turdagi zaharli va zaharlovchi moddalar;
  • tez yonuvchan va portlovchi moddalar;
  • siqilgan va suyultirilgan gazlar;
  • germetik idishlarsiz va o‘ramlarsiz tashiladigan o‘yuvchi, badbo‘y va yemiruvchi moddalar.

Metropolitenda quyidagilarga faqat metropoliten rahbariyatining yozma roziligi bilan ruxsat beriladi:

  • bekat hududida professional foto va videotasvirga olish;
  • vagonlarda va metropoliten infratuzilmasi obyektlarida musiqa asboblari va ovozni kuchaytiruvchi qurilmalardan foydalanish (eshitish apparatlari va quloqchinlardan foydalanish bundan mustasno);
  • bekatlarda shou-tomoshalar o‘tkazish, shuningdek, teatr, ertak qahramonlari kiyimlari va tomosha niqoblarida kirish;
  • madaniy, sport, ko‘ngilochar, siyosiy va boshqa tadbirlarni o‘tkazish.

Yo‘lovchilar metropolitendan foydalanishda quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘zlari bilan birgalikda yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarini, bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar aravachalarini, bolalar velosipedlarini, musiqa asboblarini, shuningdek, g‘ilofga solingan xolda sanchiluvchi, kesuvchi va oson sinuvchi buyumlar, chana, chang‘i va baliq ovi uchun qarmoqlarni bepul olib yurish;
  • nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan metropolitenning texnik vositalaridan (liftlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar aravachasini ko‘taruvchi/tushiruvchi moslamalar va boshqa jihozlar) foydalanish, zaruratga ko‘ra tegishli xodimlardan yordam olish;
  • bekatlarni havaskorlik foto va videotasvirga olish;
  • bekatlarda joylashgan tibbiy punktlar yordamidan foydalanish;
  • telefon va aloqa vositalaridan foydalanish;
  • o‘lchamlariga ko‘ra uchta o‘lchovi yig‘indisi bo‘yicha 200 santimetr: eni — 60 santimetr, uzunligi — 70 santimetr, balandligi — 70 santimetr bo‘lgan yuklarni bepul olib yurish;
  • zaruratga ko‘ra metropoliten xodimlarining ruxsati bilan harakati to‘xtagan eskalatordan foydalanish.

Yo‘lovchilarning majburiyatlari deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

Metro xodimlarining huquq va majburiyatlari kengaytirildi, jumladan, haqiqiy bo‘lmagan, muddati o‘tgan yoki ularga bepul sayohat qilish huquqini bermaydigan hujjatlardan foydalanib, nazorat-o‘tkazish punkti orqali o‘tmoqchi bo‘lgan barcha yo‘lovchilarni to‘xtatish huquqi berildi.