O‘zbekistonda avtomobillarni markaziy vokzallarga kiritish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Bu prezidentning 10-oktabrdagi “Temir yo‘l transporti sohasini isloh qilish to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga 2024-yil 10-martga qadar barcha turdagi yo‘lovchi tashuvchi avtotransport vositalarining markaziy vokzallarga kirishiga ruxsat berish bo‘yicha taklif ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, 2024-yilning 1-dekabriga qadar barcha vokzallardagi maydonlarni optimizatsiya qilish, bo‘shaydigan hududlarda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish maqsadida kim oshdi savdosi orqali tadbirkorlarga ijaraga berish rejalashtirilmoqda.

“Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, monopol va raqobatbardosh xizmatlar turlarini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy tamoyillari va mexanizmlarini ishlab chiqish belgilandi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” xususiy operatorlarga temir yo‘l infratuzilmasi va lokomotiv xizmatlaridan teng foydalanishni ta’minlash mexanizmlarini ishlab chiqishi kerak.

Avvalgi yillarda vokzal va aeroportlarga kirish bosqichma-bosqich kuchaytirilgan. Yo‘lovchilar nazoratning bir necha bosqichlaridan o‘tishga majbur bo‘lgan, yaqinlarini kuzatib yoki kutib oluvchilar stansiya hamda aeroport binolariga kiritilmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil aprel oyida aeroportlar, shuningdek, temir yo‘l va avtovokzallarga kirishni soddalashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan.

Hujjatda mazkur qaror aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida yo‘lovchi hamda tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy talablar asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, kirib-chiqishni soddalashtirish, zarur sharoitlar yaratish hamda vokzallar va ularga tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirish qayd etilgan.

2023-yilning sentabr oyi boshida Toshkent shimoliy vokzalida bir bosqichli nazorat punkti joriy etildi — hujjatlarni tekshirish va bagajni ko‘zdan kechirish endi bir joyda amalga oshirilmoqda.