Yangilanish: Uchtepa tuman hokimligi kollektor kurilishida 5 nafar xodimni tuproq bosib qolganini ma’lum qildi. Biroq ulardan 2 nafari vafot etdi, 1 nafari kasalxonada, qolganlarning ahvoli qoniqarli baholanmoqda.

11-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Uchtepa tumanida uch nafar quruvchini tuproq bosib qolib, vafot etgani aytilgan video tarqaldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat bo‘yicha izoh berar ekan, soat 14:21 da tumanning Beshqayrag‘och ko‘chasida oqova (chiqindi) suvlari uchun mo‘ljallangan chuqurlik (kotlovan) qazish vaqtida o‘pirilish sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

“3 nafar fuqaro tuproq ostida qolib ketgani taxmin qilinmoqda. Hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan shahar FVBning 2 ta qutqaruv otryadi 16 nafar qutqaruvchilari yetib borgan”, — deyiladi xabarda.

Soat 16:54 da, ya’ni 2 soatdan ko‘proq vaqt o‘tib chiqarilgan ma’lumotga ko‘ra, tuproq ostida qolib ketgan fuqarolarni qidiruv ishlari olib borilmoqda. Voqea joyiga shahar FVB, SSB, IIB rahbar xodimlari borgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.