2023−2026-yillarda temir yo‘l transporti sohasini isloh qilish doirasida O‘zbekiston Janubiy Koreya va Chexiyadan elektropoyezdlar xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu prezidentning 10-oktabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga oktabr oyida Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan 6 ta tezyurar elektr poyezdi xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolash topshirildi.

Shu maqsadda noyabr oyida Koreya Respublikasining Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) hisobidan 35 yil muddatga, shu jumladan 10 yillik imtiyozli davr bilan 185 mln yevro miqdorida yillik 0,1 foizlik kredit jalb etish rejalashtirilgan.

Škoda 7Ev elektropoyezdi. Foto: Skoda TransportationŠkoda 7Ev elektropoyezdi. Foto: Skoda Transportation

Bundan tashqari, Transport vazirligi va O‘TYga Chexiyaning Skoda Transportation kompaniyasi bilan 30 ta elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish topshirildi. Shu maqsadda Chexiya banklaridan 350 mln yevro miqdorida yillik 5,5 foiz stavkada 15 yil muddatga, jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar jalb etish rejalashtirilmoqda.

Barcha kreditlar O‘zbekiston nomidan va davlat kafolati ostida imzolanadi, deyiladi hujjatda.

2023-yil aprel oyida O‘zbekiston rahbariyati bilan transport sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish chog‘ida Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Škoda Transportation kompaniyasi 34 ta zamonaviy poyezd yetkazib berish bo‘yicha tenderda ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2018-yilda Hyundai kompaniyasini Toshkent va Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikda harakatlanish tarkibini tashkil etishga jalb qilishni rejalashtirgan edi. Loyiha 1 mlrd dollarga baholandi. Tomonlar elektropoyezdlar yetkazib berish masalasini ham muhokama qildi, ammo yakunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” O‘zbekiston uchun Afrosiyob poyezdlarini ishlab chiqargan Ispaniyaning Talgo kompaniyasini tanladi.

Yaqinda O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreyada bo‘lib, yangi poyezdlar xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Hyundai Rotem — Hyundai Motor Group tarkibiga kiradi. 1979-yilda tashkil etilgan. O‘shandan beri u poezdlar va tramvaylarning yetakchi yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning poyezdlari 50 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan AQSh, Yangi Zelandiya, Avstraliya va Kanadada qo‘llaniladi. Markaziy Osiyoda Hyundai Rotem mahsulotlari Qozog‘iston tomonidan qo‘llaniladi — kompaniya poyezdlari Olmaota metrosiga xizmat qiladi.

Skoda Transportation guruhi 1995-yilda Plzene shahrida tashkil etilgan. Temir yo‘l lokomotivlari, metro vagonlari, shahar elektr poyezdlari, shuningdek, tramvaylar, trolleybuslar, avtobuslar, dvigatellar, tortish uskunalari ishlab chiqaradi. Konglomerat temir yo‘l va jamoat transportini modernizatsiya qilish bilan ham shug‘ullanadi. Brend 14 davlat, jumladan Polsha, Xitoy va AQSh bilan hamkorlik qiladi.