Joriy yilning sakkiz oyida O‘zbekistonga 4,3 mln sayyoh tashrif buyurdi, ulardan tushgan daromad 1,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Mamlakatga uzoq davlatlardan turistlar kelishi ko‘paygan. Misol uchun, Hindiston, Yaponiya, AQSh va italiyalik sayyohlar soni 3−4 barobar oshgan. Birgina Xorazmga Ispaniyadan 40 ming turist tashrif buyurgan. Lekin ular tranzit orqali kelayotgani sababli ortiqcha xarajat qilayapti. Agar Madriddan O‘zbekistonga aviareys qo‘yilsa, turoperatorlar sayyohlarni 4 karra oshirishga tayyorligini bildirgan, deya xabar qilindi yig‘ilishda.

Shu bois Transport vazirligiga xorijdagi elchilar bilan birga aviaqatnovlarni ko‘paytirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Davlat rahbari sayyohlarni jalb qilish masalasida yangi imkoniyatlarni ishga tushirish zarurligini ta’kidladi. Avvalo, qo‘shni davlatlardan, Rossiya va Xitoydan sayyohlarni jalb qilish uchun qulay imkoniyat borligi ta’kidlandi.

Masalan, Xitoyning hamma provinsiyalariga borib, hududlar turistik salohiyatini keng targ‘ibot qilish, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi, yiliga 1 mln xitoylik sayyohni jalb etish imkoniyatlari ta’kidlandi.

Yig‘ilishda madaniy tadbirlarni ko‘paytirish turistlarni jalb qilishda katta imkoniyat ekani ta’kidlandi. Bunday tadbirlar Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatlarida ko‘p o‘tkazilayotgani, lekin Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz ekani aytildi.

Viloyatlar hokimlari Madaniyat vazirligi bilan birgalikda har oy yirik madaniy tadbir o‘tkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman va shaharlarda ko‘p sayilgoh, xiyobon, istirohat bog‘lari, teatr va madaniyat uylari bo‘sh turgani, na turistlarni, na aholimizni o‘ziga jalb qila olayotgani qayd etildi.

Hududlar rahbarlariga bu joylarda musiqiy, ko‘ngilochar va ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etib borishga topshiriq berildi.

Jahon amaliyotida turizm salohiyatini targ‘ib qilishda kino, serial va hujjatli filmlardan keng foydalanilmoqda. Shu bois, Kinematografiya agentligiga milliy tarix bo‘yicha kamida 50 ta badiiy, hujjatli va musiqali asarlar yaratish dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Prezident turizm obyektlarida sanitariya va ozodalikka e’tiborni yanada kuchaytirish lozimligini qayd etib, bu bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, xushmuomala bo‘lish, tabassum qilish, ozodalik bo‘yicha qisqa hajmli ta’sirchan ijtimoiy videoroliklarni tayyorlab, barcha telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar va ekranlarda muntazam ko‘rsatib borish muhimligi ta’kidlandi.