Hozirgacha Isroil va G‘azo sektoridagi mojaro hududlarida majburan ushlab turilganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari borligi haqida ma’lumot kelib tushgani yo‘q. Bu bo‘yicha O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi bayonot berdi.

Qayd etilishicha, ayrim ommaviy axborot vositalari Isroil-Falastin harbiy to‘qnashuvlar chog‘ida asirga olingan O‘zbekiston fuqarolari haqidagi ma’lumotlarni tarqatmoqda. Elchixona esa bu xabarlarni rad etdi.

O‘zbekiston fuqarolarini Isroilda ro‘yxatga olish tezlashtirilgan va soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan elchixona Isroilda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolariga yana bir bor murojaat qilib, tezkor aloqa va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘zlarining istiqomat manzillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni diplomatik vakolatxonaning elektron manziliga jo‘natishni so‘raydi, deyiladi diplomatik missiya bayonotida.

Elchixona, shuningdek, ma’lumot olishda ishonchli manbalarga tayanishni va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘rab, aloqa uchun quyidagi raqamlarni qoldirdi: 03−672−2466, 03−672−2371, 03−758−5075, 03−758−5076 va 054−4851397.

Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kundan beri davom etayotgan urushda 1200 nafar isroillik halok bo‘ldi. Kamida 2,6 ming kishi jarohatlandi. G‘azo sektorida 950 kishi halok bo‘ldi, 5 ming kishi yaralandi.

Isroil elektr va suv yetkazib berishni to‘xtatgan mintaqada gumanitar falokat yuz bermoqda, deya xabar bermoqda CNN nashri.