O‘zbekiston va Chexiya sanoat mahsulotlarini Yevropa standartlari bo‘yicha sertifikatlash sohasida hamkorlik qilmoqchi. Bu bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripov 10-oktabr kuni Chexiyada mamlakat bosh vaziri Petr Fiala bilan uchrashuvda kelishuvga erishdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 50 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. 2023-yilning yanvar-avgust oylarida o‘zaro savdo hajmi qariyb 2,5 barobar o‘sgan. Bunga O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimiga (“GSP+”) qo‘shilgani ham yordam berdi, deyiladi bosh vazir matbuot xizmati xabarida.

Uchrashuvda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining yuqori standartlari va texnik reglamentlariga mos keladigan tayyor mahsulotlarni eksport qilishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Shu sababli O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining Yevropa bozorlariga chiqishida yagona “CE” (Certification Europe) belgisi bilan sertifikatlash maqsadida sinovdan o‘tkazish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, investitsiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, transport, bandlik, ta’lim, tibbiyot, turizm kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va uni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shu yilning aprel oyida Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Toshkentda O‘zbekiston prezidenti va bosh vaziri bilan muzokaralar o‘tkazgandi. O‘shanda Chexiya tomoni uran va mis sotib olish, tramvay, poyezd va samolyotlar yetkazib berishdan manfaatdor ekanini ma’lum qilingan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni tashkil etish va boshqa masalalar muhokama qilingan.