“Masofaviy nazorat” markazida o‘tkazilgan so‘nggi masofaviy tahlillar jarayonida Andijon davlat universitetida stipendiya to‘lovlari orqali mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqda Hisob palatasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, aniqlangan shubhali holatlar joyiga chiqqan holda tekshirilganida jami 39,3 mlrd so‘m naqd pul mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi.

Jumladan:

  • kontrakt mablag‘lari hisobidan stipendiyasiz shaklda tahsil olgan 8761 nafar talabaga 25,1 mlrd so‘m ortiqcha stipendiya hisoblanib, to‘lov qaydnomalari soxtalashtirilgan;
  • talabalar tomonidan to‘langan 9,3 mlrd so‘m to‘lov-kontrakt summalari universitet hisob raqamiga kirim qilinmagan;
  • talabalarga hisoblangan 2,7 mlrd so‘m rag‘batlantirish mablag‘lari tarqatilmasdan, ularning imzolari soxtalashtirilgan;
  • budjet mablag‘lari hisobidan 2226 nafar talabaga bitta davr uchun ikki martadan 1,1 mlrd so‘m ortiqcha hisoblangan stipendiya o‘zlashtirilgan;
  • talabalar yotoqxona ijarasidan tushgan 911,8 mln so‘mlik naqd pullar universitet hisob raqamiga kirim qilinmasdan noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid ravishda universitetga xizmat uyi xarid qilish uchun jismoniy shaxs bilan 2,5 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzib, shundan 300 mln so‘mi noto‘g‘ri o‘tkazilgan.

Ta’kidlanishicha, aniqlangan noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘lardan 5,1 mlrd so‘mi undirilishi ta’minlandi.

Tekshirish yakuni bilan rasmiylashtirilgan hujjatlar to‘plami huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.