2024-yil 1-yanvardan elektromototsikllar, elektroskuterlar, tirkama va yarim tirkama transportlari ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi regulation.uz portaliga Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, ushbu transportlarni boshqarishga faqat tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat beriladi.

Bundan yo‘llarda harakat ishtirokchilari xavfsizligini ishonchli ta’minlash hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsad qilingani aytiladi. Qaror loyihasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda elektrosamokatlarni ijraga berishni taqiqlash, ularni sodda tartibda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish va ularga alohida davlat raqam belgilarini berish taklifi bor.

Hujjatga ko‘ra, Yo‘l harakati qoidalariga “Individual harakatlanish vositalari (IHV)”, “skuter” so‘zlari qo‘shilmoqda. Yo‘l harakati qoidalariga 3.5.1 (skuterlarning harakatlanishi taqiqlanadi) va 3.34 (shaxsiy harakatlanish vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi) yo‘l belgilarini kiritish rejalashtirilgan.

Skuter-konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan, dvigatelining ish hajmi 25 sm3dan (ichki yonuv dvigateli bo‘lganda) yuqori, shuningdek, nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan ortiq va 4 kilovattdan kam bo‘lgan elektr dvigatelli mexanik transport vositasi hisoblanadi.

“Individual harakatlanish vositalari” (IHV) — dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirak va boshqa shunga o‘xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishi uchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transport vositasi.

14 yoshdan kichik shaxslar (yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno), spirtli ichimlik ichgan, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ta’sirida bo‘lgan, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida bo‘lganlar “Individul harakatlanish vositalari” boshqarishi taqiqlanadi.

Shuningdek, bir nechta IHVlarni shatakka olish, rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish, yo‘lovchi bilan boshqarish, uni ishlatayotganda telefondan foydalanish mumkin emas.

IHV fara yoki fonar, tormoz, tovush ishorasi, shuningdek old tomonida oq rangli, yon tomonida qizil yoki apelsin rangli, orqa tomonida qizil rangli nur qaytargichlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.

“IHV” boshqaradigan shaxslar harakat vaqtida trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, piyoda va velosiped yo‘lkalaridan soatiga 6 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda, ular bo‘lmaganda esa yo‘lning o‘ng chetki qismida soatiga 20 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda harakatlanishi mumkin. Qolaversa, yo‘llarning qatnov qismidan harakatlanishi ham cheklanmagan. IHV haydovchilari o‘z transportini turar joy dahalaridan chiqish vaqtida boshqa harakat ishtirokchilariga yo‘l berib, qat’iy ravishda boshqa transport vositalarini harakat yo‘nalishi bo‘yicha boshqarishi kerak.

“Piyodaning yo‘lagini tinch qo‘yinglar!”

Telegram`dagi Davletovuz kanali muallifi takliflarga munosabat bildirarkan, “shaharlarni yoppasiga egallab olayotgan skuterlar faoliyati allaqachon tartibga solinishi kerak bo‘lgani”, biroq yangi tartib-taomillar “yana piyodalar haqi evaziga amalga oshirilayotgani”ni qayd etdi.

“Shundoq ham piyodaning yo‘lagi tor, unga mashina parkovka qilgan, kundan-kun ommalashayotgan “dostavka”chilar chiqib olishgan, mana endi, elektr samokat yurishi ham mumkin bo‘lmoqda (aslida yuribdi). Piyoda, ayniqsa, yosh bolasi bilan trassada yurdi nima — piyoda yo‘lagida yurdi nima — yana yuragini hovuchlab yurishga majbur bo‘lyapti”, — deb yozadi u.

Blogerning fikricha, velosipedlar, skuterlar va boshqa IHVlar uchun infrastruktura avtomobil yo‘li qismidan ajratilishi, shart-sharoit yaratib berilishi kerak.

“Piyodaning yo‘lagini tinch qo‘yinglar! Yana bir gap. Sayilgoh, bog‘lar, anhor bo‘ylarida esa elektr skuter, elektr samokat degan baloni mutlaqo taqiqlash kerak. Sal e’tiborsiz qolsangiz, yanchib o‘tib ketadi. Ishonmasangiz, yurib ko‘ring. U joylar halovat uchun, xavfsirab yurish uchun emas”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, qaror loyihasiga 24-oktabrgacha regulation.gov.uz portali orqali taklif qoldirish mumkin.