Toshkent aeroportida 7-oktabr kuni erta tongda Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Istanbuldan HY-274 reysini amalga oshirayotgan samolyoti yo‘lovchisi qidiruvga berilgani aniqlanib, qo‘lga olindi.

“Gazeta.uz”ga O‘zbekiston IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Farg‘ona viloyatida yashovchi M.A. parvoz vaqtida samolyot bortida sigaret chekkan. Shu sababli xodimlar unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 122-moddasi 2-qismi (Havo kemalarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish; BHMning 2 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan bayonnoma tuzishda ushbu shaxs qidiruvda ekani aniqlangan.

U Qo‘qon shahri IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish; bu jinoyat BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi)dagi jinoyatni sodir qilishda ayblanib, sud organlaridan yashirinib yurgani uchun qidiruvda bo‘lgan.

Qo‘lga olingan shaxs tegishli tartibda huquqni muhofaza qilish organlarining mas’ul xodimlariga topshirildi, deyiladi departament xabarida.