Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasi Abduqodir Mo‘minovga nisbatan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi, deb xabar qildi Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.

4-avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tumani sudi “Ko’zgu” YouTube kanali muallifi (250 ming obunachi) va “Oynaga qarang” MCHJ rahbarini (1990-yilda tug‘ilgan) shaxsiy daxlsizlikni buzish, tovlamachilik, firibgarlik, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, pora berishda ishtirokchilikda aybdor deb topgan. Buning uchun u 3 yilga jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlangan holda 7 yilu 3 oy qamoq jazosini olgan.

Sudyalar D.Rajabov, M.Ahmedov va H.Shamsiyevdan iborat sudyalar hay’ati apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqdi va birinchi instansiya hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Oliy sudning eslatishicha, sud qaroridan norozi bo‘lganlar Oliy sudning kassatsiya instansiyasiga shikoyat qilishi yoki protest keltirishi mumkin.

2022-yil dekabr oyi oxirida Abduqodir Mo‘minov noma’lum shaxslar tomonidan uning mashinasining oynalarini bita bilan sindirib, kaltaklagani haqida xabar bergan edi. Blogerning aytishicha, avtomashinasining videoregistratoridagi USB flesh-diskini rasmiylashtirmasdan, uning roziligisiz olib ketilgan. Flesh-diskda hujum qilgan shaxslar bilan suhbatlari yozib olingan bo‘lgan. Shundan so‘ng shahar IIBB bloger Abduqodir Mo‘minovga qilingan hujum yuzasidan “bosqinchilik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Fevral oyida bloger 2021-yil oktabr oyida sodir bo‘lgan firibgarlik va tovlamachilikda gumonlanib hibsga olingandi.