Rossiyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni kechqurun Qozondan Moskvaga yetib bordi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uni “Vnukovo-2” aeroportida Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari — sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

россия, шавкат мирзиёев

U yerda prezident sharafiga O‘zbekiston va Rossiya bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi. Tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

россия, шавкат мирзиёев

Ikki davlat prezidentlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari 6-oktabrga belgilangan. “O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash” masalalari muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.

“Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda har tomonlama hamkorlik” holati va uni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

O‘zbekiston prezidenti Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan ham muzokaralar o‘tkazadi.

Tashrifning birinchi kunida Shavkat Mirziyoyev Tatariston raisi Rustam Minnixonov bilan muzokaralar o‘tkazgandi, shuningdek, Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasini borib ko‘rgan, Qozon shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilgan.