6-oktabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha yana 3 ta medal — 2 ta kumush va 1 ta bronzani qo‘lga kiritib, medallar jadvalida beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

Slalom kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Anvar Klevleyev 96,63 soniyada eng yaxshi natijani ko‘rsatib, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi. Biroq keyinroq hakamlar hay’ati unga 2 penalti soniya berdi, shuning uchun kanoechi ikkinchi o‘rinni egalladi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Birinchi o‘rinni xitoylik sportchi Chaynasiye Yuansxung (98,20 soniya), uchinchi o‘rinni qozog‘istonlik kanoechi Aleksandr Kulikov (101,04 soniya) egalladi.

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga navbatdagi kumush medalni keltirdi. 109 kilogrammgacha bo‘lgan vaznli polvonlar bahsida u dast ko‘tarishda 189 kg, siltab ko‘tarishda 228 kg (jami — 417 kg) ko‘tardi. Xitoylik sportchi Lyu Xuanxua undan 1 kg ortiq ko‘tarib, (418 kg: 185+233 kg) oltin medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinov xuddi shu vazn toifasida 391 kg (175+216) ko‘tarib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston terma jamoasi 63 ta medal — 19 ta oltin, 18 ta kumush va 26 ta bronza bilan turnir jadvalida beshinchi o‘rinni egallab turibdi.